Gʻurur. Otam – hayot maktabim
2026-01-31 23:00:00 / Yangiliklar

Har tong yangi kunni tinchlik-xotirjamlikda qarshi olarkanman, yurtimizda hukm surayotgan osudalik uchun shukrona keltiraman. Zero, bu oldimga qoʻygan ulkan maqsadlarimga yetishishim uchun yaratilgan katta imkoniyatdir. Ana shu baxtli onlarning tuhfa etilishida otamning ham munosib hissasi borligi menga alohida iftixor bagʻishlaydi.
Otam, podpolkovnik Hamidullo Hayitboyev ayni paytda Izboskan tumanidagi “Shinam” mahalla fuqarolar yigʻinida profilaktika katta inspektori lavozimida faoliyat olib bormoqda. U masʼul boʻlgan hududda 3161 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallada 748 ta xonadon, 1007 ta oila mavjud. Bu raqamlar xizmat jarayonida deyarli har kuni tilga olingani sababli menga yod boʻlib ketgan. Otam esa ushbu koʻrsatkichlar ortida qanchadan-qancha oilalar tinchligi, inson taqdiri va bolalar kelajagi mujassam ekanini har kuni chuqur his etgan holda ish tutadi.
U mahalladagi ijtimoiy muammolarni hal etish jarayonida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, oʻtgan yili 37 nafar ishsiz fuqaroni ishga joylashtirishga, 13 nafar aholiga kredit olishda amaliy yordam berdi.
Har bir profilaktika inspektorining xalq orasida boʻlishi, odamlar bilan bevosita muloqot qilishi huquqbuzarliklarning oldi olinishida muhim omil hisoblanadi, — deydi otam bizga har doim. – Ana shu tamoyil asosida oilaviy kelishmovchiliklarni bartaraf etish, aholini ehtimoliy xavf-xatarlardan ogohlantirish, yoshlarni sogʻlom turmush tarziga, tinchlik va osoyishtalikka chorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Otam ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 1996-yilda Andijon tumani IIBda uchastka noziri lavozimida boshlagan. Unga qadar Toshkent oʻrta maxsus militsiya maktabida tahsil olgan.
Shu yilning oʻzida Izboskan tumani IIBning voyaga yetmaganlar bilan ishlash boʻlimida nozir sifatida xizmat qila boshlagan. Keyingi yillarda asosan hududlarda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash yoʻlida samarali xizmat qildi.
2022-yilda “Ichki ishlar organlaridagi benuqson xizmati uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishi xizmatlarining munosib eʼtirofi boʻldi.
Bugun padari buzrukvorim toʻrt nafar farzandning mehribon otasi, besh nafar nabiraning eʼzozli bobosidir. Uning hayot yoʻli men uchun haqiqiy maktab vazifasini oʻtamoqda.
Kelgusida Vatanga sidqidildan xizmat qiladigan, shaxsiy manfaatdan koʻra jamiyat manfaatini ustun qoʻyadigan inson bolishni oʻz oldimga maqsad qilib qoʻyganman.
Chunki el-yurt tinchligi uchun halol xizmat qilish eng ulugʻ baxt va sharaf ekanini ana shu hayot namunasi orqali anglab yetdim.
©️ “Postda” gazetasi, Quvonchbek Mirabdullayev, Andijon davlat universiteti talabasi.
