Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati alohida toifadagi shaxslar bilan profilaktik suhbat oʻtkazdi
2026-01-31 10:00:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi tomonidan Sirdaryo tumanining “Adolat” mahallasiga tashrifi davomida hududda istiqomat qiluvchi alohida toifadagi shaxslar bilan uyma uy yurish orqali uchrashuv tashkil etildi.
Profilaktik tadbir doirasida alohida toifadagi shaxslar bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi. Suhbatlar davomida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, takroriy huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymaslik, ijtimoiy moslashuvni taʼminlash hamda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Fuqarolarga amaldagi qonunchilik talablari, javobgarlik choralarining muqarrarligi, huquq va majburiyatlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, oilaviy muhit, mehnat bilan bandlik, boʻsh vaqtni mazmunli tashkil etish hamda salbiy illatlardan yiroq boʻlish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Suhbat jarayonida ishtirokchilarning murojaat va muammolari tinglanib, ularni hal etish yuzasidan tuman prokurori, tuman Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi hamda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar koʻrish belgilandi.
Mazkur profilaktik suhbatlar huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, fuqarolarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvini kuchaytirish hamda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashga xizmat qiladi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati





