Buxoro viloyati IIB rahbariyati ishtirokida Olot tumanida yoshlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
2026-01-31 10:00:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati Olot tumanida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini hayotga tatbiq etish, ularning muammolarini bevosita oʻrganish va ijobiy hal etish maqsadida maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi hamda Olot tumani hokimi ishtirokida tashkil etilgan ushbu ochiq muloqotga tumandagi otaliqqa olingan hamda uyushmagan yoshlardan iborat 200 nafardan ziyod yigit-qizlar taklif etildi.
Tadbir avvalida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi soʻzga chiqib, yigʻilganlarga oʻzining hayot yoʻli, xizmat pillapoyalaridagi mashaqqatlar, erishilgan yutuqlar va uning ortidagi tinimsiz mehnat haqida samimiy hikoya qilib berdi. Rahbarning hayotiy tajribalarga asoslangan ushbu “master-klass”i yoshlarda katta taassurot qoldirib, ularni toʻgʻri maqsad qoʻyishga ruhlantirdi.
Ochiq muloqot tarzida kechgan uchrashuvda yoshlar oʻzlarini qiynayotgan masalalar yuzasidan rahbarlarga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qildilar.
Xususan, uchrashuvda bandlik va ishga joylashish, ijtimoiy va moddiy yordam olish, tadbirkorlikni boshlash uchun kredit va subsidiyalar ajratish, sogʻliqni tiklash va taʼlim kontraktlarini toʻlash kabi masalalar oʻrtaga tashlandi.
Murojaatlarning aksariyati joyida hal etilgan boʻlsa, vaqt talab etadigan masalalar boʻyicha masʼullarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.
Shuningdek, tadbirda el ardogʻidagi nuroniylar ham soʻzga chiqib, yoshlarga oʻzlarining qimmatli oʻgitlarini berdilar, halol mehnat va vatanparvarlik insonni ulugʻlashini hayotiy misollar orqali tushuntirdilar.
Uchrashuv soʻngida oʻzining iqtidori, jamoat ishlaridagi faolligi va yuqori natijalari bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan bir guruh yoshlar rahbarlar tomonidan kitoblar jamlanmasi hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Bu kabi uchrashuvlar yoshlarning ertangi kunga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









