Toshkent viloyatida jamoat xavfsizligini mustahkamlash va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish masalalariga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi
2026-01-31 09:00:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish hamda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish boʻyicha belgilangan vazifalari ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent tumanida jamoat xavfsizligini mustahkamlash va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish masalalariga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi.
Mazkur muloqot davlatimiz rahbari tomonidan xavfsizlik va jamoat tartibini taʼminlash borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini joylarda taʼminlash boʻyicha zarur choralarni belgilab olish imkonini berdi.
Barcha tuman va shaharlarda, ayniqsa, Toshkent shahriga tutash hududlarda tinch va barqaror muhitni har qachongidan ham sogʻlomlashtirish, huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini kuchaytirishni bugun zamonning oʻzi taqozo etmoqda. Qayd etilganidek, maqsad — muammolarni umumiy muhokama qilish emas, balki aniq yechimlar va taʼsirchan mexanizmlarni ishga tushirishdan iboratdir.
Tadbirda viloyat va tuman darajasidagi mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari, taʼlim muassasalari masʼullari, profilaktika inspektorlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlashga masʼullar, shuningdek, faol jamoatchilik ishtirok etdi.
Jarayonda 2025-yil mobaynida sodir etilgan jinoiy holatlar va ularni keltirib chiqargan omillar tahlil qilindi. Oʻz xizmat vazifalarini yetarli darajada bajara olmayotgan sohaviy masʼullar faoliyati tanqidiy koʻrib chiqildi. Darhaqiqat, xavfsizlik masalasi faqat bir idora emas, balki butun jamiyat hamkorligi orqali hal etiladigan masaladir. Muhokamalar jarayonida hududdagi kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi ustuvor yoʻnalishlar aniq belgilandi.
Xususan, uyushgan jinoyatchilikka nisbatan murosasiz yondashuvni kuchaytirish, narkotik vositalar muomalasi va kiberjinoyatlarni erta bosqichda aniqlash, oilaviy zoʻravonlik, talonchilik va jamoat joylaridagi bezorilik holatlarining oldini olish boʻyicha manzilli choralar koʻrish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, giyohvandlik va yashirin iqtisodiyotga nisbatan jamiyatda mutlaq toqatsiz munosabatni shakllantirish amaliy vazifa sifatida belgilandi.
Alohida eʼtibor huquqbuzarliklar koʻp kuzatilayotgan va xavf darajasi yuqori boʻlgan, shartli ravishda “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarga qaratildi. Bu hududlarda profilaktik ishlar faqat umumiy tarzda emas, balki har bir xonadon, har bir oila kesimida olib borilishi, taʼlim muassasalari, mahalla va huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasidagi hamkorlik mutlaqo yangi, samarador formatga oʻtkazilishi zarurligi taʼkidlandi.
Viloyat hokimi oʻz chiqishida jamoat xavfsizligi masalasida “mayda” tushuncha mavjud emasligini, har bir murojaat, har bir signal va har bir holat jiddiy eʼtiborni talab qilishini taʼkidladi. Profilaktika ishlari faqat sodir boʻlgan holatga javob qaytarish bilan cheklanmasdan, jinoyatga olib keluvchi omillarni aniqlab, ularni bartaraf etishga qaratilgan tizimli faoliyatga aylanishi shartligi uqtirildi.
Yigʻilish davomida Toshkent tumanida har bir mahalla kesimida vaziyatni doimiy tahlil qilish, “qizil” hududlarda kompleks profilaktik dasturlarni kuchaytirish, ayniqsa, yoshlar va talabalar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha aniq amaliy vazifalar belgilab olindi. Uchrashuv yakunida ishtirokchilar tomonidan taklif va mulohazalar bildirildi, mavjud muammolar ochiq muhokama qilindi.
Koʻtarilgan masalalar yuzasidan masʼullarga manzilli topshiriqlar berilib, ijroni nazorat qilish mexanizmi belgilab qoʻyildi.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati





