IIV Akademiyasida kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi
2026-01-30 12:05:00 / Yangiliklar

Hududlarga biriktirilgan masʼullar va professor-oʻqituvchilar ishtirok etgan yigʻilishda Prezidentimizning joriy yil 5-yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhit yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlashga qaratilgan qarori ijrosi muhokama qilindi.
Taʼkidlash joizki, mazkur qaror mahalla jinoyatchiligining barvaqt oldini olish boʻyicha boshlangan ishlarning mantiqiy davomi boʻldi.
2025-yilda akademiya professor-oʻqituvchilari jalb qilingan 273 ta “qizil” toifadagi mahallaning 122 tasi “sariq” toifaga oʻtgan boʻlsa, 116 tasida jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi. Bundan tashqari, taʼlim muassasasiga bevosita biriktirilgan 21 ta mahallada kriminogen vaziyat barqarorlashtirilib, “sariq” toifaga oʻtkazildi.
Eʼtiborlisi, mazkur mahallalar besh yildan buyon “qizil” toifada edi.
Akademiya boshligʻi ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida hududlarga joriy qilingan ilgʻor tajribalar ijobiy samara berganini qayd etdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yilgi qarori faoliyatni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishi, eng muhimi, har bir yoʻnalish boʻyicha aniq vazifa va mexanizmlar belgilab berilgani mazkur mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirish orqali aholini rozi qilishga yoʻnaltirilganini alohida taʼkidladi.
Yigʻilishda qaror ijrosi yuzasidan taʼlim muassasasiga biriktirilgan mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Ishchi guruhlar rahbarlarining kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillarni ilmiy yondashuvlar asosida oʻrganish natijalari yuzasidan axboroti tinglandi.
Aytish joizki, qarorda ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish orqali jinoyatchilikni keskin kamaytirish, oila-turmush doirasidagi hamda ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning barvaqt oldini olish, murojaatlar bilan ishlashni samarali yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Hududlarni oʻrganish jarayonida mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yangicha mexanizmlar asosida tashkil qilish, bu borada “mahalla yettiligi” xodimlariga uslubiy yordam koʻrsatish, ularning tajribasini oshirib borish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, akademiya boshligʻi kuni kecha Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishiga ham toʻxtalib oʻtdi.
Mazkur yigʻilishda poytaxtimiz Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar belgilab berilgani, akademiya jamoasi oldida mahallalarning kriminogen vaziyatini oʻrganish, jinoyatchilikni jilovlashga ilmiy yondashuvni keng tatbiq qilish borasida dolzarb vazifalar turgani aytib oʻtildi.
Yigʻilish soʻnggida barcha yoʻnalishlar boʻyicha topshiriqlar berilib, ijroga qaratildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati




