IIV Akademiyasi rahbariyati poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda boʻldi
2026-01-29 10:00:00 / Yangiliklar

Oʻrganishlar davomida Prezidentimizning joriy yil 5-yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhit yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qarori yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Ishchi guruh vakillari dastlab tuman hokimligida tashkil qilingan Respublika idoralararo tezkor shtabi faoliyati bilan tanishdi. Masʼullar tomonidan xavfsiz muhit yaratish boʻyicha joriy qilingan yangi tajriba haqida maʼlumot berildi.
Hududlarda kunu tun jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarlik haqidagi xabarlarga tezkor munosabat bildirish, kuch va vositalarni oqilona boshqarish orqali kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishda erishilayotgan natijalar tahlil qilindi.
Shundan soʻng davlatimiz rahbari qarorining ijrosi boʻyicha “Novza” va “Bektoʻpi” mahallalarida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.
Akademiya boshligʻi “mahalla yettiligi” vakillari bilan muloqot qilib, qarorda koʻzda tutilgan ustuvor vazifalarga toʻxtaldi.
Masʼullarning axborotini tinglab, ishni yangicha tizim asosida samarali tashkil etish yuzasidan oʻz takliflarini bildirdi.
Uchrashuvlar chogʻida mahallalarning kriminogen vaziyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillarni oʻrganish, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish, oila-turmush doirasida hamda ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning barvaqt oldini olish, aholi bilan ishlash yoʻnalishida qilinayotgan ishlar tahlil qilindi.
Choraklik “yoʻl xarita”larda belgilangan chora-tadbirlar va ularning ijrosiga eʼtibor qaratildi.
Akademiya boshligʻi davlatimiz rahbari qarori mahalla hayotiga daxldor barcha muammolarni hal qilishda masʼuliyat va javobgarlik hissini yanada kuchaytirganini taʼkidlab, masʼullar, “yettilik” tizimi xodimlari hamda akademiyadan biriktirilgan ishchi guruh vakillariga bir qator vazifalarni belgilab berdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati




