Toshkent viloyati IIBB xodimlari tomonidan Chilonzorda kiberfiribgarlar guruhi – “kiberbunker” faoliyati fosh etildi
2026-01-29 10:00:00 / Yangiliklar

Soʻnggi yillarda onlayn savdo va raqamli toʻlovlar aholiga qulayliklar yaratmoqda. Biroq ayrim shaxslar ushbu imkoniyatlardan gʻarazli maqsadlarda foydalanib, mashhur savdo platformalari nomidan chiqish orqali fuqarolarni aldashni tizimli faoliyatga, ayrim hollarda esa “oilaviy biznes” darajasigacha olib chiqqani aniqlanmoqda.
Toshkent viloyati IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan navbatdagi tezkor-qidiruv tadbiri davomida Chilonzor tumanida joylashgan koʻp qavatli uyning yertoʻlasida noqonuniy call-markaz – “kiberbunker” faoliyati fosh etildi.
Aniqlanishicha, Andijon viloyatida yashovchi, 1994-yilda tugʻilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan ikki marotaba sudlangan shaxs (J.T.) va uning sheriklari fuqarolarga qoʻngʻiroq qilib, ularni goʻyoki “Uzum Market” savdo ilovasining “yutuqli oʻyini” gʻolibi boʻlgani haqida yolgʻon maʼlumotlar bergan. Ular “sovgʻa” uchun toʻlov fuqaroga ajratilgan kredit yoki mikroqarz limiti hisobidan vaqtincha “Alhikma Ilm” MCHJga oʻtkazilishini, keyinchalik esa ushbu mablagʻlar ularning korxonasi tomonidan qoplab berilishini vaʼda qilib, jabrlanuvchilardan mablagʻlar oʻtkazilishiga erishgan.
Shu bilan birga, guruh aʼzolari savdo platformasida oʻzlarini goʻyoki mahsulot yetkazib beruvchi sifatida roʻyxatdan oʻtkazgan. Mahsulot yetkazib berishni talab qilgan yoki “ustingizdan shikoyat qilaman” deya norozilik bildirgan ayrim xaridorlarga ataylab juda arzon, sifatsiz yoki buyurtmaga mutlaqo mos kelmaydigan mahsulotlar yuborgan.
Bu yoʻl bilan jabrlanuvchilarning eʼtibori chalgʻitishib, ajratilgan kredit yoki mikroqarz limitlarini toʻliq oʻzlashtirishga erishilgan. Mablagʻlar oʻtkazib boʻlingach, koʻp hollarda jabrlanuvchilar bilan aloqa butunlay uzib qoʻyilgan.
Tekshiruvlar davomida “Alhikma Ilm”, “Aksiya Tech Shoop” va “Grandbook” MCHJlar orqali Chilonzor tumanida tashkil etilgan “kiberbunker”da 16 nafar operator faoliyat yuritgani, ular ijtimoiy tarmoqlardagi soxta onlayn doʻkonlar nomidan yuzlab fuqarolarga qoʻngʻiroq qilib, dastlabki tergovga qadar 50 nafar fuqaroning 200 million soʻmdan ortiq mablagʻlarini noqonuniy yoʻl bilan oʻzlashtirgani aniqlandi.
Tezkor tadbir davomida 22 ta kompyuter jamlanmasi, mobil telefonlar, SIM-kartalar, bank plastik kartalari hamda 2 500 nafardan ortiq fuqarolarning toʻliq qayd etilgan shaxsiy va moliyaviy maʼlumotlari roʻyxatlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Hozirda guruh aʼzolarining respublikaning boshqa hududlaridagi firibgarlik holatlariga aloqadorligini, shuningdek, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni aniqlash va qoplash yuzasidan dastlabki tergov hamda tezkor-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Agar Siz yoki yaqinlaringiz “Alhikma Ilm”, “Aksiya Tech Shoop” va “Grandbook” MCHJ faoliyati bilan bogʻliq firibgarlik holatlaridan jabr koʻrgan boʻlsangiz, Toshkent viloyati IIBBning +998717622135. +998717622024, +998717622025 navbatchilik qismi orqali yoki oʻzingizga eng yaqin IIOga murojaat qilishingiz soʻraladi.
Har bir murojaat qonuniy tartibda koʻrib chiqilib, yetkazilgan zararlarni undirish boʻyicha tegishli choralar koʻriladi.
Shu oʻrinda yurtdoshlarimizni yana bir bor ogohlantirib, nomaʼlum qoʻngʻiroqlar, “yutuq”, “limit ajratildi” kabi vaʼdalarga ishonmaslikka, moliyaviy operatsiyalarni faqat rasmiy ilovalar va qonuniy shartnomalar asosida amalga oshirishga chaqiramiz.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati





