Andijon viloyati IIB rahbariyatining hisoboti Xalq deputatlari kengashining navbatdagi sessiyasida tinglandi
2026-01-29 09:00:00 / Yangiliklar

Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida Andijon viloyati IIB boshligʻining kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatlarni barvaqt oldini olish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha hisoboti tinglandi.
Joriy yilning 28-yanvar kuni Andijon viloyati hokimligida Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashining oʻn oltinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Sessiyada viloyatdan saylangan Oliy Majlis Senati aʼzolari, viloyat Kengashi deputatlari, boshqarma va idoralar rahbarlari, davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, oʻtgan 2025-yil davomida viloyatda kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatlarni barvaqt oldini olish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Sanjar Djabarovning hisoboti tinglandi.
Hisobotda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvar kuni qabul qilingan “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–1-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan natijalar haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi bilan manzilli ishlash, profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar natijalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Muhokamalar jarayonida deputatlar tomonidan berilgan savollarga viloyat IIB rahbariyati tomonidan asosli va atroflicha javoblar qaytarildi.
Sessiya yakunida mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yanada kuchaytirish, jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati









