Asosiy kontentga o'tish

«Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida»gi Prezident Farmoni qabul qilindi

2024-05-25 14:20:00 / Yangiliklar

Farmonga muvofiq, 2024-yil 1-iyuldan 2026-yil 1-iyulga qadar huquqiy eksperiment tariqasida Toshkent shahrida qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʻlmagan ayrim davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha maʼmuriy hujjatlarni sudgacha koʻrib chiqishning yangi tartibi joriy etiladi.

Huquqiy eksperiment doirasida:

– Adliya vazirligi huzurida Oliy apellyatsiya kengashi va Toshkent shahar adliya boshqarmasi huzurida Apellyatsiya kengashi tashkil qilinadi;

– apellyatsiya kengashlari maʼmuriy organlarning qonunchilikka muvofiq boʻlmagan davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi maʼmuriy hujjatlarini sudgacha koʻrib chiqish natijasida ushbu hujjatlarni oʻzgartirish, qisman yoki toʻliq bekor qilish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi (bundan qonunchilikka muvofiq faqat sud tartibida bekor qilinadigan yoki oʻzgartiriladigan hujjatlar mustasno);

– maʼmuriy organlarning qonunchilikka muvofiq boʻlmagan davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi maʼmuriy hujjatlarini apellyatsiya kengashlari tomonidan koʻrib chiqish manfaatdor shaxslarning shikoyatlari hamda davlat xizmatlarini koʻrsatishni monitoring qilish natijalariga koʻra amalga oshiriladi;

– apellyatsiya kengashlarining qarorlari «E-qaror» elektron tizimida eʼlon qilib boriladi, shuningdek, maʼmuriy shikoyat boʻyicha maʼmuriy ish yurituvi ishtirokchilariga maʼlum qilinadi va maʼmuriy organlar tomonidan ularning bajarilishi majburiy hisoblanadi;

– apellyatsiya kengashlarining qarorlari yuzasidan manfaatdor shaxs tomonidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin, maʼmuriy organlar uchun mazkur qarorlar qatʼiy hisoblanadi va ularning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

339

Oxirgi yangilanish: 2024-05-25 14:05:02

«Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida»gi Prezident Farmoni qabul qilindi