Ayol va jamiyat. Nizoga yechim – adolatda
2026-01-27 23:00:00 / Yangiliklar

Toshkent shahri. Oilaviy munosabatlarda gohida jiddiy nizolar koʻzga tashlanib turadi. Bunday vaziyatlarda xotirjamlikni tiklash, ayollar huquqini himoya qilish va eng muhimi — jinoyat sodir etilishining oldini olish masʼuliyati xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlar zimmasiga tushadi.
Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumani IIO FMB 2-sonli IIB XQMB katta inspektori, podpolkovnik Lolaxon Tursunaliyeva ana shunday masʼuliyatli vazifani zimmasiga olgan, hududdagi 15 ta mahalla xotin-qizlarining dardu tashvishi bilan yashayotgan xodimlardan.
Koʻpincha oilaviy nizolarga “Er-xotinning urushi — doka roʻmolning qurishi” qabilida qaraladi. Biroq statistik tahlillar shuni koʻrsatadiki, oʻz vaqtida yechim topilmagan kichik nizo katta fojiaga sabab boʻlishi mumkin.
Oʻtgan yil davomida 68 nafar xotin-qizga nisbatan “himoya orderi” rasmiylashtirib berilgani — bu shuncha ayolning zoʻravonlikdan najot topgani va shuncha oilada sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatning oldi olingani demakdir.
Bugungi kun inspektori faqat voqea joyiga boruvchi emas, balki aholi bilan doimiy muloqotda boʻluvchi xodimdir. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan “Mening inspektorim” mobil ilovasi bu borada yangi davrni boshlab berdi. Shu kungacha uning tomonidan 300 dan ortiq fuqaro ushbu tizimga ulandi. Bu ishlar jadal surʼatlarda davom ettirilmoqda.
Inspektor faoliyatida quruq hisobotlardan koʻra, inson taqdiri ustuvor. Buni podpolkovnikning kundalik ishlarida ham koʻrish mumkin. Munavvarqori nomli mahalladagi Gulbodom koʻchasida yashovchi Shahnoza Artiqovaning taqdiri bunga yaqqol misol. Ishsizlik va moddiy qiyinchilik girdobida qolgan ayolga nafaqat maʼnaviy, balki amaliy yordam koʻrsatilib, uning bandligi taʼminlandi.
Yakka-yolgʻiz yashovchi xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarning holidan xabar olish ham podpolkovnik uchun kasbiy majburiyat emas, balki insoniy burchga aylangan.
Jinoyatga toʻsiq — hushyorlikda, nizoga yechim — adolatda, — deydi lavhamiz qahramoni. Uning faoliyati sarhisobi shuni koʻrsatadiki, qayerda inspektor mahalla bilan hamnafas boʻlsa, oʻsha yerda xotin-qizlar oʻzini xavfsiz his qiladi. Zero, mahalla osoyishtaligi — yurt tinchligining mustahkam poydevoridir.
©️ “Postda” gazetasi, Sarvar Sobirov.
