Prezident qarori ijrosi: Buxoroda “qizil“ mahallalar bilan tizimli ish
2026-01-27 11:00:00 / Yangiliklar

Joriy yil 5-yanvarda Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror asosida IIV Akademiyasi professor-oʻqituvchilari tomonidan Buxoro viloyatidagi uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan mahallalarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Aytish joizki, qarorda ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish, oila-turmush munosabatlari doirasida hamda ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi bilan manzilli ishlashning samarali tizimini yoʻlga qoʻyish orqali mahallalarda jinoyatchilikni keskin kamaytirish koʻzda tutilgan.
Oʻrganishlar jarayonida mahallalar, tashkilot va muassasalarda uchrashuvlar tashkil qilinib, davlatimiz rahbari qarorining mazmun-mohiyati va uni amalga oshirish mexanizmlari atroflicha tushuntirilmoqda.
Bundan tashqari, joylarga chiqqan holda masʼul rahbarlar va “mahalla yettiligi” tizimi vakillari bilan birgalikda mahallalarning kriminogen vaziyatiga bevosita taʼsir koʻrsatayotgan omillar ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida oʻrganilmoqda.
Mazkur qaror mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Qaror bilan mahallalar kriminogen vaziyatiga qarab nomma-nom biriktirilib, masʼullarning javobgarligi kuchaytirildi.
Eng muhimi, mahallalardagi muammolarni bartaraf etish orqali aholining roziligiga erishish ustuvor maqsad etib belgilandi, – deydi akademiya ishchi guruhi rahbari, podpolkovnik Sanjar Sharipov.
Hozirda qaror ijrosini taʼminlash maqsadida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oʻrganishlar natijasida har bir hududning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda mahallalarda jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan ijobiy tajribalar amaliyotga joriy qilinadi.
Albatta, bu ham tizim samaradorligini oshirishga, xalqimizning xavfsiz va osoyishta muhitda yashashiga xizmat qiladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati








