Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida rahbar va yoshlar ochiq muloqot tarzidagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi
2026-01-27 09:00:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda boshqarma boshligʻi, masʼul rahbarlar, sohaviy xizmatlar va mustaqil boʻlinmalarning yosh xodimlari hamda ularning ota-onalari qatnashdi. Shuningdek, videokonferens aloqa orqali hududiy Ichki ishlar boʻlimlari masʼullari va yosh xodimlar ham muloqotga jalb etildi.
Uchrashuvni kirish soʻzi bilan ochgan boshqarma boshligʻi mamlakatimizda ichki ishlar organlarini chinakam xalqchil, fuqarolarga xizmat qiluvchi tizimga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlarning mazmun-mohiyati hamda ushbu jarayonda yosh xodimlarning tutayotgan oʻrni haqida batafsil maʼruza qildi.
Ochiq muloqot davomida yosh xodimlar tomonidan ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, zamonaviy yondashuv va tashabbuslarni amaliyotga joriy etish yuzasidan qator taklif va fikrlar bildirildi.
Ushbu takliflar rahbariyat tomonidan ijobiy baholanib, ularni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Tadbir yakunida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni hayotga tatbiq etishda oʻzining bilim va salohiyati, tashabbuskorligi hamda halol mehnati bilan munosib hissa qoʻshib kelayotgan, shuningdek ichki ishlar organlarida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etayotgan bir guruh yosh xodimlarning ota-onalari boshqarma boshligʻining minnatdorligi hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati









