Buxoro viloyati IIBda navbatdagi fuqarolar qabuli boʻlib oʻtdi
2026-01-26 11:05:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida fuqarolarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish va mavjud muammolarga tezkor yechim topish maqsadida navbatdagi shaxsiy qabul boʻlib oʻtdi.
Tasdiqlangan reja-grafik asosida, 2026-yil 25-yanvar kuni Boshqarma boshligʻi viloyat aholisi bilan yuzma-yuz muloqot qildi. Ochiq va samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda har bir murojaat ortida inson taqdiri yotganligi alohida taʼkidlandi.
Qabul davomida fuqarolar tomonidan tergov va surishtiruv jarayonlarining borishi, oilaviy nizolar va huquqiy maslahatlar, ichki ishlar organlari faoliyatiga oid boshqa taklif va mulohazalar bildirildi.
Uchrashuv davomida 10 ga yaqin murojaat atroflicha koʻrib chiqildi. Eʼtiborlisi, murojaatlarning salmoqli qismi joyida ijobiy hal etilib, fuqarolarning masalalari oʻz yechimini topdi. Qoʻshimcha oʻrganish va vaqt talab qiladigan murojaatlar boʻyicha esa masʼul sohaviy xizmat rahbarlariga aniq koʻrsatmalar berilib, ijrosi shaxsan boshqarma boshligʻi nazoratiga olindi.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, bu kabi qabullar nafaqat muammolarni hal etish, balki tizimning shaffofligini taʼminlash hamda xalqning ichki ishlar organlariga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









