Xorazm viloyati IIB rahbariyati tomonidan navbatdagi sayyor qabul oʻtkazildi
2026-01-26 10:25:00 / Yangiliklar

25-yanvar kuni Xorazm viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Abdumajid Shermuxamedov tomonidan Xonqa tumanining “Ezgulik” mahallasida fuqarolar murojaatlarini oʻrganish maqsadida navbatdagi sayyor qabul oʻtkazildi.
Mazkur sayyor qabul ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, aholi bilan bevosita muloqotni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, fuqarolarni qiynayotgan masalalarga oʻz vaqtida qonuniy va amaliy yechim topishga qaratildi.
Qabul jarayonida fuqarolar tomonidan ichki ishlar organlari faoliyatiga doir, jumladan jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika ishlari, maʼmuriy va huquqiy masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi. Har bir murojaat Xorazm viloyati IIB boshligʻi tomonidan atroflicha tinglanib, ayrim masalalar boʻyicha joyida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Qoʻshimcha oʻrganishni talab etgan murojaatlar boʻyicha esa tegishli sohaviy xizmat va boʻlinmalar rahbarlariga aniq topshiriqlar berilib, ularning ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.
Taʼkidlash joizki, bunday sayyor qabullar fuqarolarning davlat organlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlash, muammolarni joyida va tezkor hal etish, shuningdek, ichki ishlar organlari bilan aholi oʻrtasida ochiq va samarali muloqotni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati








