Hamkasblarimiz haqida.Tiyrak nigohli posbonlar
2026-01-25 23:00:00 / Yangiliklar

Koʻp yillardan buyon xizmat qilib kelayotgan viloyat IIB JXX JTSB PPX batalyoni uch nafar xodimining oʻtkir va teran nigohlari, ziyrakligi sabab bir jinoyat “issiq izida” fosh etildi.
Joriy yilning 5-yanvar kuni Qarshi shahrining “Charmgar” mahallasi hududida kechki soat oʻnlarda xizmat olib borayotgan kichik serjant Shavkat Rahmatullayev, safdorlar Shavkat Azizov va Firdavs Qilichevda bir fuqaroning xatti-harakatlari shubha uygʻotdi. Shu bois u toʻxtatilib, suhbatlashilganida gaplari uzuq-yuluq chiqib, koʻzlarini olib qocha boshlaydi. Planshet orqali shaxsiga aniqlik kiritilganida esa, uning Qarshi tumanida yashovchi 22 yoshli I.B. ekani maʼlum boʻldi.
Shundan soʻng I.B. “102” muqim mobil postiga taklif etilib, yonlari koʻzdan kechirildi va gugurt qutisi hamda 1000 soʻmlik kupyuraga oʻralgan giyohvandlik oʻsimligi quritmasi borligi aniqlandi. Fuqaro va ashyoviy dalillar Qarshi shahar IIO FMBga topshirildi. Hozir holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Umuman olganda, PPX batalyoni xodimlari joriy yilning oʻtgan davrida 31 nafar fuqaro sarxush (spirtli ichimlik yoki narkotik modda taʼsirida boʻlgan, oʻzini oʻzi boshqarish qobiliyatiga ega boʻlmagan) holda ekanini aniqlab, tibbiyot muassasalari va hushyorxonalarga topshirishdi. “Tigʻ” profilaktik tadbiri doirasida esa 10 nafar fuqarodan oʻtkir tigʻli buyumlar olinib, tegishli chora koʻrildi.
Shuningdek, tungi vaqtlarda sodir etilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish maqsadida viloyatdagi 139 ta obyekt tekshirilib, qorovullar xizmat faoliyati oʻrganilgan holda, profilaktik tadbirlar amalga oshirildi. Tungi vaqtda qarovsiz qoldirilgan 25 ta buyum oʻz egalariga ogohlantirib topshirildi.
©️ “Postda” gazetasi, Eson Yoʻldoshev, katta serjant. Qashqadaryo viloyati
