IIV Akademiyasida yosh xodimlar bilan ochiq muloqot oʻtkazilib, ularni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan vazifalar belgilab berildi
2026-01-01 00:00:00 / Yangiliklar

Shijoat, birdamlik, bukilmas iroda, ilm fan va sportga boʻlgan mehr-muhabbat, bu – Yangi Oʻzbekiston yoshlarining har biriga xos xususiyat. Bugun shaxsan Prezidentimizning yoshlar siyosatiga qaratayotgan doimiy eʼtibori, ertangi kun egalariga bildirilayotgan yuksak ishonch ularga qanot baxsh etib, yanada yuksak marralarni koʻzlashga oʻrgatmoqda.
Ichki ishlar vazirligida ham shaxsiy tarkibning asosiy qismini aynan yoshlar tashkil etadi va ularning tizim rivoji, mamlakatimiz xavfsizligi, yurtdoshlarimiz osoyishtaligini taʼminlash borasidagi xizmatlari koʻlami ulkan.
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida, general-leytenant Aziz Tashpulatovning tizimdagi yosh xodimlar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv avvalida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlarga murojaati aks etgan videorolik namoyish etildi.
Shundan soʻng, Ichki ishlar vaziri yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor, iqtidorli, salohiyatli yosh kadrlarni tanlab olish, ularning oʻquv karyera tizimi orqali rivojlantirish va faoliyat yuritayotgan sohasining yetuk mutaxassisi boʻlib yetishishlari uchun mavjud imkoniyatlar haqida toʻxtalib oʻtdi. Bu yoʻnalishda birinchi navbatda davlat rahbarining shaxsan yoshlar siyosatiga boʻlgan eʼtibori va masʼullar oldiga belgilab bergan vazifalari dastur-amal boʻlayotganiligi eʼtirof etildi.
Ichki ishlar vaziri oʻz maʼruzasida, zamonaviy xavf xatarlar oldida, oʻz bilim tafakkuri, mustaqil qaror qabul qilish qobiliyati va axborot texnologiyalarini puxta oʻzlashtirgan xodimlarga talab ortib borayotganligini taʼkidladi. Chindan ham aynan shunday yosh kadrlar mamlakatimiz ertangi rivojini, barqaror osoyishtalikni taʼminlashda asosiy kuchga aylanadi.
Maʼruzadan soʻng tadbirning 2-qismi – yosh xodimlar tomonidan tayyorlangan taqdimot bilan davom etdi. Soʻngra, ochiq muloqot orqali ishtirokchilar toʻgʻridan-toʻgʻri vazirga oʻz savollari va takliflarini bildirishdi.
Muloqotda ayniqsa konferens-aloqa orqali ishtirok etgan tuman ichki ishlar boʻlimida xizmat qilayotgan yosh yigit qizlarning tashabbuslari va takliflari yuzasidan bir qator ijobiy loyihalar yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Xodimlarning sport va ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanishlarida sharoit yaratish boʻyicha hududiy boshqarma boshliqlariga topshiriqlar berildi.
Oʻz xizmat faoliyati davomida, huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qoʻshayotgan yuksak hissasi hamda turli yoʻnalishlarda erishayotgan samarali natijalari uchun bir guruh xodimlar Ichki ishlar vaziri tomonidan taqdirlandi.
Mukofotlar topshirilganidan soʻng taqdirlangan xodimlar soʻz olib, bu yuksak ishonch uchun oʻz minnatdorchiliklarini bildirishdi.
Uchrashuv davomida bildirilgan takliflar va savollar, ochiq muloqot jarayonida muhokama qilingan masalalardan kelib chiqib, ichki ishlar vaziri tomonidan masʼullarga bir qator vazifalar belgilab berildi.
Bir soʻz bilan aytganda har bir yosh xodim ushbu uchrashuvdan oʻziga katta taassurot oldi va ichki ishlar organlarining ertangi kelajagi, vatanning muqaddas tinchligi zimmasidagi ulkan masʼuliyat ekanligini his etdi.









