Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida oʻtgan yil yakunlari sarhisob qilinib, 2026-yilga moʻljallangan ustuvor vazifalar belgilab olindi
2026-01-25 12:00:00 / Yangiliklar

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida tizim faoliyatining oʻtgan yildagi natijalari sarhisob qilinib, kelgusi yilga moʻljallangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, vazirlikning sohaviy xizmat rahbarlari, tuman va shahar ichki ishlar organlari rahbarlari hamda shaxsiy tarkib ishtirok etdi.
Tadbir davomida Davlat rahbarining respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlari ijrosi atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, ushbu yoʻnalishda manzilli va tizimli ishlash mexanizmlarini joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.
2026-yil Oʻzbekistonda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilinganini inobatga olgan holda, erishilgan ijobiy natijalarni yanada mustahkamlash, ichki ishlar organlarining boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda hamkor tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligini kuchaytirish boʻyicha aniq manzilli rejalar ishlab chiqildi.
Yigʻilishda 2026-yilni Ichki ishlar vazirligi tizimida “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishni jadallashtirish yili” sifatida belgilash masalasi muhokama qilinib, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, sohada malakali kadrlar tayyorlash hamda rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha 2024–2028-yillarga moʻljallangan milliy strategiya ijrosini taʼminlash, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish, uyushgan narkojinoyatchilik faoliyatini fosh etish hamda yoshlar oʻrtasida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.
Kun tartibida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, radikal gʻoyalar tarqalishining oldini olish, aholi, ayniqsa yoshlar bilan manzilli profilaktik ishlarni kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shu bilan birga, ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy tayyorgarligi va jangovar shayligini oshirish, xizmat intizomini mustahkamlash, doimiy mashgʻulotlar oʻtkazish hamda xizmat faoliyatida yuksak tayyorgarlik darajasini taʼminlash masalalari muhokama etildi.
Yigʻilishda aholi murojaatlari bilan ishlash sifatini yanada yaxshilash, fuqarolarning murojaatlarini oʻz vaqtida va xolisona koʻrib chiqish, joylarga chiqqan holda muammolarni hal etish, murojaatlar bilan ishlashda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha vazifalar belgilab berildi.
Bundan tashqari, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarning har biri yuzasidan sabab va shart-sharoitlarni chuqur tahlil qilish, jinoyatchilikka olib kelayotgan omillarni bartaraf etish, profilaktika ishlarini kuchaytirish hamda masʼul rahbarlarning javobgarligini oshirish masalalari yuzasidan istiqbolli vazifalar belgilab olindi.




