Aholi murojaatlarini koʻrib chiqish va qonuniy manfaatlarni taʼminlashga qaratilgan navbatdagi qabullar oʻtkazildi
2026-01-24 10:00:00 / Yangiliklar

Aholi bilan bevosita va ochiq muloqotni taʼminlash, fuqarolarni qiynab kelayotgan dolzarb muammolarni aniqlash va ularni joyida bartaraf etish, shuningdek, kelib tushgan murojaatlar asosida tizimli ish tashkil etish hamda aniq chora-tadbirlar belgilash maqsadida Ichki ishlar vazirligi qoshidagi “JAR” sport-sogʻlomlashtirish kompleksidan aholi bilan videokonferens aloqa tizimi orqali qabul oʻtkazildi.
Qabul jarayonida jami 73 nafar fuqaro 65 ta masala yuzasidan murojaat qilib, oʻz muammolarini hal etishda amaliy koʻmak soʻradi. Murojaatlar Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari tomonidan bevosita koʻrib chiqilib, ularning 24 tasi, yaʼni 36 foizi qabul davomidayoq ijobiy hal etildi.
Shuningdek, 12 ta murojaat boʻyicha ariza mualliflariga malakali huquqiy maslahat va atroflicha tushuntirishlar berildi.
Masalani hal etish uchun qoʻshimcha oʻrganish va maʼlum muddat talab etilgan 29 nafar fuqaroning murojaatlari ijroga yoʻnaltirilib, masʼul rahbar va xodimlarga aniq topshiriqlar berildi hamda ularning qonuniy hal etilishi qatʼiy nazoratga olindi.
Tahlillarga koʻra, kelib tushgan murojaatlarning 45 tasi surishtiruv va dastlabki tergovga oid masalalarga, 3 tasi ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan, 3 tasi tergovga qadar tekshiruv harakatlari boʻyicha, 2 tasi xodimlarni boshqa xizmat joyiga oʻtkazish (rotatsiya) masalalariga hamda 12 tasi ichki ishlar organlari faoliyatiga oid boshqa yoʻnalishdagi masalalarga toʻgʻri keldi.
Mazkur qabul aholi murojaatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligi va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.


