Yoshlar — kelajak bunyodkori. Toʻmarisning fargʻonalik izdoshi
2026-01-23 23:30:00 / Yangiliklar

Margʻilon shahar IIB TQX terrorizmga qarshi kurashish boʻlinmasi tezkor vakili lavozimida xizmat qilayotgan katta leytenant Dilafroʻz Uzoqova ham oʻz maqsadlari sari dadil odimlayotgan faol yoshlar sirasiga kiradi.
Bolaligidan ichki ishlar organlari xodimlariga havas qilib ulgʻaygan lavhamiz qahramonining orzulariga IIV Fargʻona akademik litseyi qanot berdi. U 2017-2020-yillarda mazkur dargohda oʻqib, puxta bilim egalladi. Keyinchalik olgan bilimlari tufayli IIV Akademiyasi kursantlari safiga qoʻshildi.
2023-yilda Akademiyani tamomlagach, Margʻilon shahar IIBda faoliyatini boshlagan jonsarak bu qiz erkaklar bilan yonma-yon turib, sharafli vazifani mardonavor bajarib kelmoqda. Shu bilan birga, amaliyotda tajriba orttirib, bilmaganlarini ustozlardan oʻrganyapti. Profilaktik tadbirlarni tashkil etishdagi faolligi esa eʼtirofga sazovordir.
Yurtimizda turli sohalarda tashabbuskorlik koʻrsatib, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan, tirishqoq va intiluvchan yoshlar munosib ragʻbatlantirilishi Dilafroʻz misolida ham yana bir bor oʻz isbotini topdi.
Uning jonsarakligi, kasbga sadoqati va xizmatda erishayotgan yutuqlari eʼtiborga olinib, Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirining tegishli buyrugʻiga koʻra, “Toʻmaris” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Toʻmaris siymosiga havas qilmagan qizlar juda kam topiladi, — deydi lavhamiz qahramoni quvonchini yashirolmay. — Men ham buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanib, ularga havas qilib kamolga yetganman. Bugun koʻksimga taqilgan ulugʻ ajdodimiz nomi bilan ataluvchi ushbu koʻkrak nishoni zimmamdagi burch va masʼuliyatni ikki hissa oshirganini his etdim.
Demak, men Toʻmaris kabi shiddatli, qatʼiyatli va vatanparvar boʻlishim, oʻzimga bildirilgan yuksak ishonchni oqlashim zarur.
Bu mukofotga sazovor boʻlishimda menga kasb sir-asrorlarini oʻrgatib, qoʻllab-quvvatlab kelayotgan Margʻilon shahar IIBdagi barcha ustozlarimning mehnati mujassam ekanligini ham alohida eʼtirof etaman.
©️ “Postda” gazetasi, Abduvosit Sidiqov, Fargʻona viloyati.
