Jinoyatchilikni jilovlashning yangi mexanizmlari: Kogon tumanida Buxoro viloyati IIB rahbariyati ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi
2026-01-23 09:00:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati hokimligi, viloyat prokuraturasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan tuzilgan maxsus ishchi guruh tomonidan joylarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1 hamda PQ-2 son qarorlari ijrosini taʼminlash, ularning mazmun-mohiyatini ijrochilarga yetkazish maqsadida oʻquv mashgʻulotlari tashkil etilmoqda.
Xususan, Kogon tumanida oʻtkazilgan navbatdagi oʻquv-seminar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1-son hamda PQ–2-son qarorlari ijrosiga bagʻishlandi.
Mashgʻulotlarda Buxoro viloyati IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari rahbarligidagi ishchi guruhi maʼruzachi sifatida ishtirok etdi.
Guruh tarkibidan viloyat prokuraturasi, Adliya boshqarmasi, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Sogʻliqni saqlash boshqarmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasining malakali mutaxassislari oʻrin oldi.
Tinglovchilar sifatida Kogon tuman hokimligi va prokuraturasi masʼul xodimlari, tuman ichki ishlar boʻlimi rahbariyati, hududdagi barcha mahallalarning “mahalla yettiligi” aʼzolari hamda huquqbuzarliklar profilaktikasiga daxldor barcha subyektlar jalb etildi.
Tadbir davomida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi soʻzga chiqib, davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarorlarida belgilangan konseptual vazifalarni atroflicha sharhladi.
Xususan, mahallalarda “xavfsiz muhit”ni shakllantirishning yangicha yondashuvlari, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olishda “mahalla yettiligi” institutining roli, ijtimoiy profilaktika subyektlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, muammoli oilalar va shaxslar bilan manzilli ishlashning aniq mexanizmlari boʻyicha uslubiy va amaliy tavsiyalar berdi.
Seminar interaktiv ruhda oʻtib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil huquqiy tushuntirishlar berildi.
Oʻtkazilayotgan ushbu oʻquv mashgʻulotlari mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, aholi tinchligi va osoyishtaligini ishonchli taʼminlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishda davlat organlari va jamoatchilik hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









