Navoiyda onlayn seminar: mahallalarda xavfsiz muhit va jinoyatchilik profilaktikasi masalalari muhokama qilindi
2026-01-22 15:20:00 / Yangiliklar

IIV Akademiyasi masʼullari, viloyat hokimligi vakillari, viloyat prokurori, viloyat IIB boshligʻi, Milliy gvardiya, Mahallalar uyushmasi, huquq-tartibot idoralari, oila va xotin-qizlar, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, Yoshlar agentligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari rahbarlari hududiy prokurorlar, ichki ishlar organlari boshliqlari tegishli idora-tashkilotlar hamda mahalla yettiligi vakillari ishtirokida onlayn tarzda oʻtkazilgan mazkur oʻquv seminarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-1 son hamda “2026-yil respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2 sonli qarorlari ijrosini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Taqdimotlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan qarorlarning mazmun-mohiyati, mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, xavfsiz muhitni shakllantirish, profilaktik ishlar samaradorligini yanada oshirish, sohalar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash mavzulariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, har bir mahalla kesimida manzilli ishlash tizimini joriy etish, aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish va muammolarni oʻz vaqtida hal etish vazifalari belgilab olindi.
Seminar yakunida masʼul idora va tashkilotlar rahbarlarining tushuntirish va axborotlari tinglandi. Qarorlar ijrosini soʻzsiz taʼminlash, belgilangan vazifalarni aniq muddatlar asosida sifatli amalga oshirish boʻyicha tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berildi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati









