Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati tomonidan Prezident Qarorlari ijrosi doirasida amaliy seminar-treninglar oʻtkazildi
2026-01-21 15:00:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish, jinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida tizimli faoliyatni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan PQ-1 va PQ-2-sonli Qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida Qashqadaryo viloyatida amaliy seminar-treninglar tashkil etilmoqda.
Mazkur seminar-treninglar viloyatdagi “qizil” toifadagi hududlarga, jumladan Dehqonobod tumani va Qamashi tumaniga biriktirilgan masʼullar, shuningdek mahalla yettiligi vakillari ishtirokida oʻtkazilib, ularning asosiy maqsadi hududlarda jinoyatchilikni jilovlash, xavfsiz muhitni shakllantirish hamda profilaktik choralarni yanada kuchaytirishdan iborat.
Tadbirlarda viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Abduvoxid Ismoilov ishtirok etib, Prezidentimiz qarorlarida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, seminar-treninglar davomida IIV Malaka oshirish instituti professor-oʻqituvchilari tomonidan PQ-1 va PQ-2-sonli Qarorlarning mazmun-mohiyati, “ijtimoiy profilaktika” tamoyilining ahamiyati hamda uni mahallalarda samarali joriy etish mexanizmlari yuzasidan atroflicha tushunchalar berildi.
Seminar-trening davomida hududlarda sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, videokuzatuv vositalarini keng joriy etish, savdo shoxobchalari hamda xonadonlarni markazlashgan pultga ulash, “xavfsiz koʻcha” va “xavfsiz yoʻlak”larni tashkil etish, shuningdek, tungi yoritish tizimini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan taqdimotlar namoyish etildi.
Faoliyat davomida erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda aniqlangan kamchiliklar ham tanqidiy-tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan masʼullar va mahalla yettiligi vakillariga aniq topshiriqlar belgilab berildi.
Shuningdek, boshqarma boshligʻi oʻrinbosari tomonidan viloyat miqyosida “qizil” toifadagi hududlarda, jumladan Dehqonobod tumani va Qamashi tumanida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar va chora-tadbirlar koʻrgazmali tarzda seminar ishtirokchilariga yetkazildi.
Tahliliy yigʻilish davomida Dehqonobod tumani va Qamashi tumani IIB rahbarlari oʻz hududlarida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, jamoat tartibini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdilar.
Yigʻilish yakunida mazkur hududlarda “Yoʻl xaritasi” asosida “Obod va xavfsiz hudud” tamoyilini izchil joriy etish, huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini kompleks yoʻlga qoʻyish, “ijtimoiy profilaktika” tizimi samaradorligini oshirish, shuningdek, aholi, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha muhim vazifalar belgilandi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati









