Sayyor qabullar orqali migratsiya sohasida murojaatlar tezkor va manzilli yechim topmoqda
2026-01-21 09:00:00 / Yangiliklar

“Inson qadri uchun” tamoyili asosida Ichki ishlar vazirligi tizimida fuqarolarga qulay va tezkor davlat xizmatlarini koʻrsatish hamda murojaatlarga manzilli yechim topish maqsadida shaxsiy va sayyor qabullar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Mazkur yoʻnalishdagi amaliy ishlarning davomi sifatida Toshkent viloyati IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi tomonidan murojaatlar koʻp kelib tushayotgan hududlarda navbatdagi sayyor qabullar oʻtkazildi.
Xususan, Bekobod shahri va tumani hamda Olmaliq shahrida migratsiya va fuqarolik masalalariga bagʻishlangan sayyor qabullar davomida Bekobod hududida 80 dan ortiq murojaat oʻrganilgan boʻlsa, Olmaliqda esa 140 nafar fuqaroning murojaati koʻrib chiqildi.
Ushbu murojaatlarning 100 dan ortigʻi Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olish yoʻnalishida boʻlib, 62 nafar shaxsdan fuqarolikni olish uchun hujjatlar qabul qilingan boʻlsa, 44 nafar murojaatchiga fuqarolik olish tartibi va qonunchilik talablari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, yoshi va sogʻligʻi sababli migratsiya boʻlinmalariga kelish imkoniyati boʻlmagan, ijtimoiy himoyaga muhtoj Bekobodda 24 nafar, Olmaliqda 30 nafar fuqaroning yashash manzilida ID-karta rasmiylashtirish uchun hujjatlar qabul qilinib, ID-kartalar shu kunning oʻzida topshirilishi taʼminlandi.
Pasport maʼlumotlaridagi texnik xatoliklar boʻyicha 10 nafar fuqaroning murojaati joyida bartaraf etildi.
Bundan tashqari, sayyor qabullar davomida migratsiya va pasport qoidalariga rioya etilishi yuzasidan profilaktik tadbirlar ham oʻtkazildi. Nazorat jarayonida Bekobodda 5 nafar, Olmaliqda 18 nafar xorijiy fuqaroning Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish va yashash qoidalarini buzganligi aniqlanib, qonunchilikka muvofiq choralar koʻrildi.
Tadbirlar yakunida viloyatda doimiy yashovchi 11 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingani munosabati bilan ularga rasmiylashtirilgan ID-kartalar tantanali ravishda topshirildi.
Umuman olganda, mazkur hududlarda oʻtkazilgan sayyor qabullar davomida migratsiya va fuqarolik masalalariga oid 220 dan ortiq murojaat koʻrib chiqilib, ularning 160 tasi yoki 72 foizi qabul jarayonidayoq ijobiy hal etildi.
Bu kabi sayyor qabullar fuqarolarning murojaatlarini tezkor va manzilli hal etish, shuningdek migratsiya sohasida davlat xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati








