“Temurbeklar maktabi” litseyi oʻquvchilari uchun koʻrgazmali mashgʻulotlar oʻtkazildi
2026-01-20 14:05:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi oʻquvchilari uchun koʻrgazmali mashgʻulotlar tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarni institut faoliyati bilan yaqindan tanishtirish hamda uchuvchisiz uchish vositalari (dronlar) boʻyicha amaliy koʻnikmalarini shakllantirishdan iborat boʻldi.
Mashgʻulotlar davomida Axborot-texnologiyalari sikli professor-oʻqituvchilari tomonidan oʻquvchilarga zamonaviy uchuvchisiz uchish vositalarining turlari, ularning qoʻllanilishi, xavfsizlik qoidalari hamda huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatidagi ahamiyati haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Dronlarni boshqarish va ulardan samarali foydalanish boʻyicha amaliy namoyishlar oʻtkazildi. Shuningdek, oʻquvchilar elektron tirda amaliy oʻq otish hamda avtomat Kalashnikov va Makarov pistoletlarini toʻliq va toʻliqsiz qismlarga ajratish mashqlarini bajarib koʻrdilar.
Tadbir oʻquvchilarda harbiy va huquqni muhofaza qilish sohalariga boʻlgan qiziqishni oshirish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati





