Qashqadaryoda Prezident qarorlari ijrosi doirasida “qizil” toifadagi mahallalar boʻyicha seminar-treninglar oʻtkazilmoqda
2026-01-20 13:35:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyatida davlat rahbarining mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish va jinoyatlarni barvaqt oldini olishga qaratilgan PQ-1 va PQ-2-sonli qarorlari ijrosi doirasida “qizil” toifadagi mahallalarga biriktirilgan masʼullar hamda mahalla yettiligi ishtirokida qisqa muddatli seminar-treninglar tashkil etilmoqda.
Tadbirlarda viloyat IIB boshligʻi polkovnik Abduvoxid Ismoilov ishtirok etib, jinoyatchilikning oldini olish, videokuzatuv vositalarini joriy etish, xonadon va savdo shoxobchalarini pultga ulash, “xavfsiz koʻcha” va “xavfsiz yoʻlak”lar tashkil etish kabi yoʻnalishlarda amalga oshirilgan ishlar taqdimotini koʻrib chiqdi. Ijobiy natijalar bilan birga mavjud kamchiliklar ham tanqidiy tahlil qilindi.
Shuningdek, viloyat miqyosida “qizil” toifadagi hududlarda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar koʻrgazmali tarzda ishtirokchilarga yetkazildi. Seminar davomida bir qator tumanlar masʼullari oʻz hududlarida xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat tartibini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berdilar.
Yigʻilish natijasida “Yoʻl xaritasi” asosida “Obod va xavfsiz mahalla/hudud” tamoyilini tatbiq etish, jinoyatlarning barvaqt profilaktikasini kompleks tashkil etish, aholi, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlash boʻyicha masʼullar va mahalla yettiligiga aniq vazifalar yuklandi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati








