Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati Sardobada yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi
2026-01-19 23:55:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Farrux Haydarov Sardoba tumanida boʻlib, viloyat ichki ishlar boshqarmasi masʼul rahbar xodimlari tomonidan otaliqqa olingan yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
Tuman hokimligi binosida boʻlib oʻtgan uchrashuvda mahalla yettiligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar masʼullari ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida mamlakatimizda hayotda oʻz oʻrnini topa olmayotgan, turli salbiy illatlar taʼsiriga tushib qolish xavfi mavjud boʻlgan yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning muammolarini oʻrganish va hal etish, ayniqsa, bandligini taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Muloqot davomida yoshlarning mavjud muammo, taklif va tashabbuslari tinglandi.
Xususan, ishtirokchilar probatsiya hisobiga olingan yoshlarni shartli ravishda ozod etish hamda ularning bandligini taʼminlash masalalari yuzasidan murojaatlar bildirishdi.
Yoshlar tomonidan koʻtarilgan aksariyat masalalar shu joyning oʻzida ijobiy hal etildi.
Qoʻshimcha oʻrganish va maʼlum vaqt talab etuvchi murojaatlar ijrosi esa nazoratga olindi. Boshqarma boshligʻi qaysi toifaga mansubligidan qatʼi nazar, yurtimizdagi har bir yigit-qiz davlat himoyasida ekanini, ularning kasb-hunar oʻrganishi, ishga joylashishi va hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun zarur koʻmak koʻrsatilishini taʼkidladi.
Shuningdek, yoshlar bandligini taʼminlash jinoyatchilikning, ayniqsa yoshlar oʻrtasida sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyat va qayta jinoyatlarning oldini olishda muhim omil ekani alohida qayd etilib, masʼullarga bu borada aniq vazifa va topshiriqlar berildi.
Qayd etish joizki, viloyat boʻylab muntazam ravishda oʻtkazib kelinayotgan bunday uchrashuvlar ogʻir toifadagi yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda jamiyatda munosib oʻrin topishiga xizmat qilmoqda.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati









