Andijon viloyatida Prezident qarorlari mazmun-mohiyatini oʻtkazishga qaratilgan oʻquv seminarlari tashkil etildi
2026-01-19 23:50:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 17-yanvar kuni Andijon viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Prezidentning 2026-yil 5-yanvarda qabul qilingan “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–1-son hamda “2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–2-son qarorlarining mazmun-mohiyatini ichki ishlar organlari xodimlariga yetkazishga qaratilgan oʻquv seminarlari oʻtkazildi.
Mazkur seminarlarda Andijon viloyatining barcha shahar-tuman ichki ishlar organlari hamda sohaviy xizmatlar xodimlari ishtirok etdi. Ularning kasbiy bilim va koʻnikmalarini yanada oshirish, xizmat faoliyatida Prezident qarorlarida belgilangan vazifalarni toʻliq va sifatli amalga oshirishga qaratilgan tushunchalar berildi.
Xususan, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish hamda manzilli ishlash tizimini joriy etishda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan ustuvor yoʻnalishlar atroflicha yoritildi.
Shuningdek, 2026-yilning “Ichki ishlar organlarida axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Barcha shahar va tuman ichki ishlar organlari xodimlari, jumladan profilaktika inspektorlarining kiberjinoyatlarga qarshi kurashish sohasidagi bilim, koʻnikma va malakasini oshirish maqsadida qoʻshimcha seminar mashgʻulotlari tashkil etildi.
Xususan, bank kartalari bilan bogʻliq oʻgʻrilik va firibgarlik jinoyatlarining oldini olish maqsadida “Telegram” messendjeri orqali tarqatilayotgan “.apk” virusli havolalarni aniqlash va oʻchirishga xizmat qiluvchi “@cybershielduz_bot” botinini har bir mahallada, “fuqarobay” tarzda oʻrnatish choralarini koʻrish zarurligi taʼkidlandi.
Oʻtkazilgan oʻquv seminarlari ichki ishlar organlari xodimlarining zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali kurashish hamda mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati









