Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini joyida oʻrganish maqsadida Yangibozor tumanining “Yangiyop” mahallasida navbatdagi sayyor qabul oʻtkazildi
2026-01-19 15:10:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 18-yanvar kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini joyida oʻrganish, ularni qiynayotgan masalalarga qonuniy va amaliy yechim topish hamda aholi bilan ochiq muloqotni taʼminlash maqsadida Yangibozor tumanining “Yangiyop” mahallasida navbatdagi sayyor qabul oʻtkazildi.
Mazkur sayyor qabulning asosiy maqsadi aholining ichki ishlar organlari faoliyatiga oid murojaatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri tinglash, joylarda mavjud muammolar yuzasidan fuqarolar fikrini oʻrganish va ularni belgilangan tartibda hal etishdan iborat boʻldi.
Qabul jarayonida fuqarolar tomonidan huquqiy, ijtimoiy, maʼmuriy va maishiy yoʻnalishlardagi bir qator murojaatlar bildirildi.
Jumladan, jamoat tartibini taʼminlash, jinoyat ishlarini koʻrib chiqish, profilaktika inspektorlari faoliyati, fuqarolik-huquqiy munosabatlar hamda boshqa masalalar yuzasidan savol va takliflar bildirildi.
Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan har bir murojaat sinchiklab tinglanib, ayrim masalalar boʻyicha fuqarolarga joyida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Qoʻshimcha oʻrganish yoki tegishli chora koʻrishni talab etgan murojaatlar masʼul xizmat va boʻlinmalarga belgilangan tartibda yuklatilib, ularning ijrosi boʻyicha qatʼiy nazorat oʻrnatildi.
Taʼkidlash joizki, ichki ishlar organlari faoliyatida fuqarolar bilan ochiq va samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish, murojaatlarni xolisona va adolatli koʻrib chiqish hamda har bir murojaat ortida inson manfaati turganini chuqur anglash ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Shu kabi sayyor qabullar aholi muammolarini oʻz vaqtida hal etish, davlat organlariga boʻlgan ishonchni mustahkamlash hamda ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati








