Jazoni ijro etish tizimida. Qalb shifokori
2026-01-18 23:00:00 / Yangiliklar

Hayotda yoʻldan adashib, qilgan xatolari uchun ozodlikdan mahrum etilgan insonlar uchun ruhiy qoʻllab-quvvatlash suv bilan havodek zarur. Chunki u ruhan sinovdan oʻtadi. Qalin devorlar, temir panjaralar ortida qolgan odam uchun eng ogʻir jazo — oʻz oʻy-fikrlari bilan yolgʻiz qolish. Ana shu holatda inson qalbiga yoʻl topa oladigan, uni tinglay biladigan mutaxassis — psixolog xizmatiga ehtiyoj seziladi.
Shunday qalb shifokorlaridan biri IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash boshqarmasi psixologik taʼminlash guruhi bosh psixologi, mayor Aziz Saxatovdir.
Uning faoliyati davomida eng asosiy tamoyili — insonga ishonch bilan munosabatda boʻlish. Chunki oʻziga ishonch bildirilgan mahkumda hayotda oʻz oʻrnini topishiga umid uygʻonadi. Psixolog uchun eng katta yutuq ham aynan shu — inson qalbida umid uchqunini alangalatishdir.
Lavhamiz qahramonining odatdagi ish kuni oddiy suhbatdan boshlanib, inson taqdiriga daxldor qarorlar bilan yakun topadi.
Chunki jazoni ijro etish muassasalarida har bir soʻz, har bir munosabat mahkum ruhiyatiga bevosita taʼsir qiladi. Aziz Saxatov uchun esa har bir qabul alohida masʼuliyat. U hech kimga tayyor maslahat bermaydi, har bir kishini diqqat bilan tinglaydi. Suhbatdoshining dardini his etadi, sukut ortidagi iztirobni anglashga harakat qiladi.
Aziz Saxatov oʻz faoliyatida kuzatuv, intervyu, test, sotsiometriya, psixologik treninglar, shuningdek, zamonaviy terapiya usullaridan foydalanadi. Ayniqsa, surat chizdirish terapiyasi, neyrografika va assotsiativ kartochkalar insonning ichki dunyosiga yoʻl ochishda samarali vositaga aylangan.
Bu usullar orqali kishi oʻz ruhiyatidagi muammolarni anglay boshlaydi. Anglash esa oʻzgarish tomon ilk qadamdir.
Inson oʻzini anglamas ekan, uni hech kim oʻzgartirolmaydi, — deydi hamsuhbatim,- Biz psixologlar yoʻl koʻrsatamiz, ammo bu yoʻldan yurish insonning oʻziga bogʻliq.
Qalin devorlar va temir panjaralar ortidagi insonning ham qalbi bor, orzulari bor. U ham oʻtmishda yoʻl qoʻygan xatosi, sodir etgan qilmishi uchun afsus-nadomat chekadi.
Ana shu qalblarga yoʻl topa olishdek nozik va masʼuliyatli vazifa Aziz Saxatov singari mohir psixologlar chekiga tushgan.
©️ “Postda” gazetasi, Adolat Fayziyeva.
