Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasida “14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi
2026-01-16 14:00:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34-yilligi hamda “14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Toshkent viloyati IIBB boshligʻi, polkovnik Abduvosit Abdurazakov rahbarligida boshqarma shaxsiy tarkibi, ichki ishlar organlari faxriylari hamda taklif etilgan mehmonlar ishtirok etdi.
Dastlab boshqarma boshligʻi Ichki ishlar vazirining bayram tabrigini oʻqib eshittirdi. Unda Vatan himoyasi, yurt osoyishtaligi, aholi tinchligi va xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ichki ishlar organlari xodimlarining muhim va beqiyos hissasi alohida taʼkidlandi. Shundan soʻng yigʻilganlar Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etildi.
Tadbir yakunida xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan bir guruh xodimlarga Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan koʻkrak nishonlari, faxriy yorliqlar, kitoblar toʻplami hamda muddatidan avval berilgan maxsus unvonlar tantanali ravishda topshirildi.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati









