Taftish uz nomi ostida jarangdor shiorlar va tahdidlar bilan niqoblanib, tovlamachilik va firibgarlik bilan shugʻullanib kelgan jinoiy guruh aʼzolari qoʻlga olindi
2026-01-16 16:30:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan soʻz erkinligi kafolatlangan. Ochiqlikka, jamoatchilik nazoratiga otlangan har bir fuqaro birinchi navbatda – bu faoliyat katta masʼuliyat ekanligini, uni suiisteʼmol qilish ogʻir oqibatlarga olib kelishini, shuningdek qatʼiy javobgarlikni talab qilishini tushunishi zarur.
Shu bilan birga ochiqlikni niqob qilib olib, xalq ishonchini oson pul topish manbai, davlat idoralari hamda huquqni muhofaza qilish organlariga tahdid qilish quroli, jamoatchilik nazorati institutini omma kayfiyatiga taʼsir qilish instrumentiga aylantirib olganlar ham yoʻq emas.
Elita-media MCHJga qarashli “Taftish uz” vakillari yuqorida taʼkidlaganimizdek, jamoatchilik nazorati kabi adolat pardasini niqobi ortida jinoiy guruh tuzib, tovlamachilik va firibgarlik sodir etib kelganlar.
Bular, jinoiy guruh yetakchisi, “Taftish uz”ning norasmiy rahbari 1988-yilda tugʻilgan Gʻayrat Aberayev, jinoiy guruh aʼzolari, muxbirlik lavozimida ishlaganlar 1992-yilda tugʻilgan Azizjon Yuldashev, 2000-yilda tugʻilgan Sardor Hamidov, 2006-yilda tugʻilgan Marjona Eshquvvatova hamda 1998-yilda tugʻilgan Dilshod Nishonovlardir.
Jinoiy faoliyatini daromad manbaiga aylantirib olgan Aberayev boshchiligidagi jinoiy guruh, murojaatchilarni aldash bilan bir qatorda, fuqarolarni obroʻsizlantiruvchi yoki boshqa usulda sharmanda qiluvchi videolarini tarqatish bilan tahdid qilib, yoki shunday videolarni internet orqali eʼlon qilinganidan keyin, oʻchirib berish evaziga fuqarolardan pul talab qilish bilan shugʻullanib kelgan. Yaʼni, kelib tushgan murojaatlarni yoritganligi uchun bir tarafdan mablagʻ olgan boʻlsa, tayyorlangan materiallarni oʻchirib yuborish uchun ikkinchi tarafdan pul talab qilishgan.
Joriy yilning noyabr oyida jinoiy guruh aʼzolari A.Yuldashev va D.Nishonovlar, jinoiy guruh rahbari Gʻ.Aberayevning topshirigʻiga koʻra, “Chilonzor buyum savdo kompleksi” rahbariyati bilan mazkur hududdan doʻkon sotib olgan fuqaro oʻrtasidagi kelishmovchilik haqida bozor maʼmuriyatini obroʻsizlantiruvchi videolavha tayyorlab, joriy yilning 5-dekabr kuni “Taftish uz” You Tube kanaliga joylashtirilgan.
Vaholanki, tadbirkor va bozor maʼmuriyati oʻrtasidagi ziddiyat allaqachon sud organlari tomonidan koʻrib chiqilib, qonuniy qaror qabul qilingan boʻlgan. “Taftish uz” vakillari buni juda yaxshi bilishgan, lekin murojaatchining mablagʻi evaziga material bir tomonlama yoritilgan.
Shundan soʻng Gʻ.Aberayev, jinoiy guruh aʼzolaridan biri S.Hamidov orqali bozor maʼmuriyati bilan bogʻlanib, videoni oʻchirib berishi uchun, 40 mln. soʻm pul mablagʻlarini tamagirlik yoʻli bilan talab qiladi. Evaziga, videodagi holat, oʻz tasdigʻini topmaganligi toʻgʻrisida “Telegram” kanalda xabar joylashtirishga vaʼda beradi.
Tamagirlik holatini niqoblash uchun, bozor maʼmuriyati, “Taftish uz” bilan 40 mln. soʻmga shartnoma tuzishga majburlanadi. Bu ish S.Hamidovga topshiriladi.
Shu tariqa, talab qilingan pullardan 10 mln. soʻmi S.Hamidovning bank kartasiga tashlab beriladi.
Ushbu jinoiy guruhning harakatlari “koʻcha” bezori toʻdalarnikidan ortsa-ortadiki, lekin hech qolishmaydi. Bu kimsalar shunchalik haddidan oshganki, bir necha oʻnlab fuqarolarni ish oʻrni bilan taʼminlab kelayotgan tadbirkorni obroʻsizlantirish bilan qoʻrqitib, chorasiz qoldirgan holda koʻp miqdorda pul mablagʻlarini undirishga urinishgan holda, sud organlari vakolatini ham oʻzlari amalga oshirishgan.
Aniqlanishicha, jinoiy guruh aʼzolari M.Eshquvvatova, A.Yuldashev va D.Nishonovlar 2025-yilning noyabr oyida boshlarida Samarqand viloyatida faoliyat koʻrsatuvchi qurilish firmasi “Black plast” MCHJ faoliyati toʻgʻrisida, ikkinchi tomonning mablagʻi evaziga, uydirma tafsilotlardan iborat videolavha tayyorlab “Taftish uz” You Tube kanaliga joylagan.
Undan tashqari, firma faoliyati toʻgʻrisida yana ikkita videoholatni tarqatish bilan tahdid qilib, kompaniya mudiri H.Toʻrayevni “Taftish uz” ofisiga chaqirtirib, boshqa videolarni chiqarmaslik evaziga, avvaldan ikki tadbirkor oʻrtasida 20 mlrd. soʻmlik shartnomani ustidan, goʻyoki qarzi qolganday koʻrsatib, 1 oy muddatda qoʻshimcha 20 mlrd. soʻm berish majburiyati haqida tilxat yozdirib olganlar.
Undan tashqari, ishchanlik obroʻsiga qaygʻurayotgan tadbirkorning katta miqdordagi pul berishga osonlikcha koʻnganligidan xursand boʻlgan guruh aʼzolari, jinoiy toʻda foydasiga alohida 60 mln. soʻm talab qilib, jinoiy yoʻl bilan olinayotgan pullarni niqoblash maqsadida “Taftish uz” bilan 60 mln. soʻmlik shartnoma tuzishga majbur qilishgan.
Tadbirkor belgilangan muddatda pulni berolmaganidan keyin jinoiy guruh aʼzosi M.Eshquvatovaning tahdidlari ortidan A.Yuldashev va D.Nishonovlar tadbirkorni obroʻsizlantiruvchi videolarni oʻz kanallarida tarqatishgan.
Chorasiz qolgan tadbirkor ushbu videolarni oʻchirtirish evaziga joriy yilning 8-yanvar kuni jinoiy guruh aʼzolaridan birining bank kartasiga dastlabki, 30 mln soʻmni, 12-yanvar kuni esa yana 30 million soʻm pullarni oʻtkazib bergan.
Jurnalistik tekshiruv bahonasida, goʻyoki haqiqatni talab qilib, xalqqa yordam berayotganligini tinmay vaj qilib koʻrsatib, qonuniylikni taʼminlash borasida bong urib kelayotgan, jinoiy unsurlar uchun, aslida, inson huquqi va qadar-qimmati sariq chaqaga ham arzimagan.
Jumladan, jinoiy guruh aʼzosi D.Nishonov 2025-yil 9-oktyabr kuni Namangan viloyati Chust tumanida yashovchi Yusupov va Tumorovlar oilasi oʻrtasida sodir boʻlgan janjaldan xabar topib, tergov organlari tomonidan jinoyat ishi yurituvidagi materialga aralashib, bir tomonning mablagʻi evaziga ikkinchi tomon boʻlgan Tumorovlar oilasining shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlovchi, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan yolgʻon maʼlumotlar toʻplab, jami 18 ta videoroliklar tayyorlab oʻn kun davomida ketma-ket oʻzining kanalida tarqatgan.
Aynan ushbu harakati uchun, yaʼni fuqaroning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitib, yolgʻon maʼlumotlar tarqatish orqali sharmanda qilganligi uchun Pop tuman sudi tomonidan 2025-yilning 10-noyabr kuni MjTKning 461-moddasi bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Xudbinlik domiga shoʻngʻigan ushbu shaxs, sud binosidan chiqib, toʻgʻri Tumorovlar oilasi oldiga borib, – “Sizlarning oilangiz haqida yana 2 ta videomateriallarim bor, ularni ham tarqatishim kerak” deb, ushbu videolarni tarqatmaslik hamda oldindan tarqatilgan, bir oilani parokanda qiluvchi, sharmandali uydirmalardan iborat 18 ta videoni internetdan oʻchirishni vaʼda qilib, O.Tumorovdan 300 AQSH dollari pullarni tovlamachilik yoʻli bilan olgan, lekin fuqaroni aldab, videolarni oʻchirmagan.
Shundan soʻng, oʻz jinoiy harakatlarini davom ettirib, 300 dollarga qanoatlanmasdan, jinoiy sherigi A.Yuldashev bilan birga, qoʻshicha 1 mln. 800 ming soʻm pullarni berishni talab qilgan.
Jazosizlikdan quturib ketgan jinoiy toʻda aʼzolari D.Nishonov va A.Yuldashevlar, oilasi shaʼni haqida qaygʻurayotgan shaxsni ilojsizlik sharoitiga solib qoʻyib, endilikda videolarni oʻchirish 16 mln. soʻm boʻlishini vaj qilib, jinoiy qilmishlarini niqoblash maqsadida, jinoiy daromad iniga aylangan “Taftish uz” bilan 16 mln. soʻmga shartnoma tuzishga majburlashgan.
Hozirda, mazkur jinoiy guruh aʼzolari Jinoyat kodeksining 139-moddasida nazarda tutilgan boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatib, tuhmat qilish, 168-moddasida nazarda tutilgan firibgarlik, 165-moddasida nazarda tutilgan tovlamachilik, 2446-moddasida nazarda tutilgan yolgʻon axborot tarqatish jinoyatlarni sodir etganligi aniqlanib, ularning barchasi protsessual tartibda ushlangan.
Hurmatli fuqarolar, ushbu jinoiy guruhning qilmishlari ustidan ichki ishlar organlariga kelib tushgan murojaatlarning koʻpligi, ularning harakatlaridan jabrlangan boshqa fuqarolar ham borligini koʻrsatmoqda.
Agar siz tasvirda koʻrib turgan shaxslarning jinoiy xatti – harakatlaridan jabrlangan boʻlsangiz Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentiga 71 2314066 raqami orqali murojaat qilishingizni soʻraymiz.
