Oʻzbekning birinchi qahramoni. Millatning munosib oʻgʻloni
2026-01-15 23:00:00 / Yangiliklar

Har qanday er yigit oʻz Vatanini munosib himoya qilishni orzu qiladi. Bu orzu ayrim insonlar uchun faqat tilda qolmay, amal va taqdirga aylanadi. Ana shunday insonlardan biri Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumaniga qarashli Dardoq qishlogʻida 1917-yilda tugʻilgan Qoʻchqor Turdiyev edi.
U Ikkinchi jahon urushi maydonlarida fashizmga qarshi jang qilib, Vatan oldidagi burchini sharaf bilan ado etgan, oʻzbek xalqi tarixida oʻchmas iz qoldirgan qahramonlardan biri hisoblanadi.
Qizil Armiya safida frontga joʻnab ketadi. Qoʻchqor Turdiyev 1941-yilning kuzida Ukraina hududida kechgan qonli janglarda ishtirok etadi. Xarkov viloyati atrofidagi shiddatli toʻqnashuvlar davomida Turdiyev dushmanning pulemyot oʻrnatilgan obyektini yoʻq qiladi. Jang vaqtida yoqib yuborilgan nemis qurolidan foydalanib, bir necha fashist askarini oʻldiradi. Keyin esa granata bilan dzotni portlatib, ikki nemis harbiysini asirga oladi. Bu harakati butun boʻlinmaning olgʻa siljishiga yoʻl ochib beradi.
Ana shu jasorati uchun Qoʻchqor Turdiyev 1942-yil 27-mart kuni “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoni bilan taqdirlanadi. Shu tariqa, u Ikkinchi jahon urushidagi birinchi oʻzbek qahramoni sifatida elga tanildi.
Uning nomi oʻsha kunlardan boshlab, faqat front saflarida emas, balki butun xalq xotirasida ham qahramon sifatida muhrlanib qoldi.
1989-yilda Qoʻchqor Turdiyev bilan uchrashib, suhbatlashishga muvaffaq boʻlganman. Oʻshanda undan: “Fashistlarni qanday qilib asir olgansiz?” — deb soʻragan edim. U esa shunday hazilomuz javob bergandi: Men jang maydonida edim. Har tomonda bombalar portlayapti. Okopdan boshimni chiqarib qarasam, qarshimdan dushmanlar kelyapti. Men esa qurolimni yoʻqotib qoʻygan edim.
Ammo yaqinimda bir belkurak turgan ekan. Uni qoʻlimga olib “Xendixox” deb baqirdim. Ular qoʻllarini koʻtarishdi. Keyin qurollarini tashlashni aytdim. Shu tariqa ularni oldimga solib ketdim.
Bu shunchaki hazil edi, aslida qahramonimiz boshidan kechirgan ogʻir damlarni, yurakka iz qoldirgan dardlarni, azobli xotiralar berayotgan iztirobni shu tariqa yengar edi.
Urushdan keyin u tinch hayotga qaytib, mehnat bilan shugʻullandi, odamlar orasida hurmat-eʼtiborga sazovor boʻldi. Uzoq yillar davomida Jalaquduq tumanidagi Oyim qishlogʻida yashab, jamoa xoʻjaligida brigadir sifatida faoliyat olib bordi.
Shu tariqa, mamlakat iqtisodiyotining rivojiga hissa qoʻshib, oʻzining qahramonlik yoʻlini shov-shuvsiz, oddiylik bilan bosib oʻtdi.
Qoʻchqor Turdiyev 1992-yil 4-avgust kuni vafot etdi. Ammo uning nomi, jasorati va fidoyiligi xalq xotirasida abadiy yashaydi.
U Vatanni himoya qilishning qanday boʻlishini nafaqat soʻz, balki butun hayoti bilan isbotlab ketgan inson edi.
©️ “Postda” gazetasi, Saminjon Husanzoda, Andijon viloyati.
