Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda “14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan Ichki ishlar vazirligida tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtdi
2026-01-14 19:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda vazirlik rahbariyati, xalqimiz osoyishtaligi yoʻlida fidoyilik bilan xizmat qilib kelayotgan ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkibi, soha faxriylari hamda xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolari ishtirok etdilar.
Tantanali marosimni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov ochib berdi va davlat rahbarining bayram munosabati bilan Qurolli Kuchlar tizimiga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.
Yurt tinchligining muhim asosi boʻlgan ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va xizmat sharoitlarini yanada yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlarga haqida toʻxtalib oʻtildi. Tizimni fuqarolarga oʻz vaqtida va sifatli xizmat koʻrsatadigan, har bir xodim Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishni – oliy burchi deb biladigan, barcha saʼy-harakatlarini inson qadri uchun yoʻnaltirgan professional tuzilmaga aylanganligi alohida taʼkidlandi.
Tadbir davomida xodimlarning xizmati yuksak eʼtirof etilib, Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Davlatimiz rahbarining farmoni asosida 7 nafar ichki ishlar organlari xodimlari davlat mukofotlariga, shuningdek Ichki ishlar vaziri buyrugʻi bilan xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, aholi hamda safdoshlari tomonidan alohida eʼtirof etilgan 631 nafar xodimlar turli idoraviy mukofotlarga sazovor boʻldilar.
Munosib, oʻz xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib kelayotgan xodimlarga navbatdagi maxsus unvonlar ham tantanali ravishda topshirildi. Shu bilan birga tadbir davomida uzoq yillardan beri ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilib, yosh avlodga oʻzining boy tajribasi va bilimlarini ulashib kelayotgan 3 nafar xodim tantanali ravishda isteʼfoga kuzatildi.
Bayram tadbiri davomida faxriylar, mukofotlarga sazovor boʻlgan ilgʻor xodimlar hamda jamoatchilik vakillari soʻzga chiqib, Vatanga va xalqqa halol, sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilish har bir inson uchun yuksak sharaf va masʼuliyatli burch ekanligini alohida taʼkidlab oʻtdilar.









