Andijon shahrida sodir etilgan jinoyat sabablari keng jamoatchilik oʻrtasida muhokama qilindi
2026-01-14 15:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 12-yanvar kuni Andijon viloyati prokurori Murodillo Abduhakimov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Sanjar Djabarovlar raisligida Andijon shahrining Mirpoʻstin mahallasi hududida oilaviy kelishmovchilik oqibatida sodir etilgan jinoyat yuzasidan keng jamoatchilik oʻrtasida muhokama yigʻilishi oʻtkazildi.
Dastlab, ushbu jinoyat sabablari va uning oqibatlari jamoatchilikka atroflicha yetkazilib, uning kelib chiqishiga shart-sharoit yaratgan omillar tub ildizigacha tahlillar asosida tanqidiy muhokama qilindi.
Oldini olish mumkin boʻlgan ushbu jinoyatni sodir etilishiga yoʻl qoʻygan barcha masʼullar tomonidan ish talab darajasida tashkil etilmaganligi ham tanqid ostiga olinib, bu boradagi targʻibot ishlarini kuchaytirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Muhokama yigʻilishida “mahalla yettiligi” aʼzolari va boshqa masʼullar tomonidan ushbu sodir etilgan ayanchli holatdan oʻzlariga yetarlicha xulosa chiqargan holda kelgusida bunday jinoyatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, muhokama davomida aholi salomatligini asrash, ayniqsa yosh avlodni giyohvandlik illatidan himoya qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmonining mazmun-mohiyati, unda belgilangan ustuvor vazifalar hamda amaliy choralar boʻyicha batafsil tushunchalar berildi.
Bundan tashqari, bugungi kunda keng tus olayotgan kiberfiribgarlik xususida ham atroflicha soʻz yuritildi. Xususan, fuqarolarning ushbu turdagi jinoyatlar qurboniga aylanib qolishlarida aksariyat xollarda ularning ishonuvchanligi sabab boʻlayotganligi keskin tanqid ostiga olinib, barcha ogohlikka chaqirildi.
Tadbir yakunida kelgusida bu kabi salbiy holatlarga yoʻl qoʻymaslik borasida tegishli mutasaddilarga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati









