Navoiy viloyati IIBda Qoʻriqlash xizmati faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan tezkor yigʻilish boʻlib oʻtdi
2026-01-13 09:30:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining Qoʻriqlash xizmati faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi vazifalari ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi Qoʻriqlash Departamenti boshligʻi raisligidagi ishchi guruh tomonidan Navoiy viloyatida oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Oʻrganishlar avvalida viloyat IIBda sohaviy xizmatlarning masʼul xodimlari ishtirokida yigʻilish tashkil etilib, unda qoʻriqlanayotgan hududlarning xavfsizligini oshirish va raqamli texnologiyalar imkoniyatlarini keng joriy etish masalalari muhokama etildi hamda qoʻriqda boʻlgan obyekt va xonadonlarning texnik holatlarini qayta nazoratdan oʻtkazish boʻyicha topshiriqlar berildi. Jarayonda masʼullarga Qoʻriqlash boʻlinmalari monitoring markazlari faoliyatni ichki ishlar organlari navbatchilik qismlari bilan uzviy bogʻlash lozimligi aytib oʻtildi. Qoʻriqda boʻlgan oʻta muhim va toifalangan hamda xalq xoʻjaligi obyektlarining texnik mustahkamlik holatlari, xodimlarning xizmat oʻtash sharoiti va maxsus vositalar bilan taʼminlanganlik darajasi, jangovar tayyorgarlik holati koʻzdan kechirilishi lozimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, ishchi guruh tomonidan viloyat hududida qoʻriqlash xizmati faoliyatining toʻgʻri tashkil etilganligi, tezkor harakatlanuvchi guruhlarning sohaviy xizmatlar bilan hamkorlik darajasi alohida eʼtirof etilib, yuqori baholandi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati



