Masofaviy taʼlim: kadrlar tayyorlashda zamonaviy yondashuv
2026-01-11 10:10:00 / Yangiliklar

Sir emaski, bugungi kunda raqamli texnologiyalar barcha sohalarni qamrab olmoqda. Taʼlim jarayonlari takomillashib, masofadan turib oʻqitish qulay va samarali vositaga aylanib bormoqda. Endilikda taʼlimning zamonaviy yondashuvi akademiyada ham qoʻllanilmoqda.
Masofaviy taʼlim fakulteti boshligʻi, polkovnik Oybek Kamalovning aytishicha, yangi tizimni samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida milliy va xorijiy oliy taʼlim muassasalarining eng ilgʻor tajribalari oʻrganildi. Maxsus platforma yaratilib, oʻquv jarayoniga joriy qilindi.
Mazkur platformadan kompyuter yoki mobil telefondan maxsus kod va parol yordamida foydalaniladi. Dasturga dars jadvallari, fanlar doirasida oʻtiladigan mavzularga oid maʼruza, video-maʼruza va multimedia materiallari, elektron adabiyotlar va boshqa zarur maʼlumotlar joylashtirib boriladi.
Bundan tashqari, “Zoom” orqali onlayn vaqt rejimida maʼruzalar tinglash, professor-oʻqituvchilar bilan masofadan turib interfaol muloqot qilish mumkin. Tinglovchilarning fanlarni oʻzlashtirishi onlayn test sinovlari, har semestr soʻnggida esa yakuniy nazorat imtihonlari orqali baholab boriladi.
Eng muhimi, tinglovchilar ishdan ajralmagan holda mustaqil taʼlim olish, kasbiy salohiyatini oshirish, bilim va koʻnikmalarini amaliyotdagi real sharoitlarda qoʻllash imkoniga ega boʻladi. Taʼlim jarayonida inson omili kamayib, shaffof tizim yaratiladi.
Aytish joizki, bu yil masofaviy taʼlim shakliga ichki ishlar organlari va boshqa hamkor tuzilmalardan 600 nafardan ziyod xodim qabul qilindi. Ular uchun qisqa muddatli oʻquv yigʻini doirasida mashgʻulotlar tashkil etildi. Tinglovchilar “elms.akadmvd.uz” platformasi bilan tanishtirilib, tizimga integratsiya qilindi.
Fakultet katta oʻqituvchi-metodisti Asqar Xolovning taʼkidlashicha, masofali oʻqitishda vaqt va makon bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelmaydi, taʼlimga ketadigan xarajatlar sezilarli darajada tejaladi. Bu esa mavjud resurslarni zarur ehtiyojlarga yoʻnaltirish imkonini beradi. Shu bois, kelgusida masofaviy taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish, sunʼiy intellektdan foydalanish koʻzda tutilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, masofaviy taʼlim tizim uchun kadrlar tayyorlash jarayonlarini ilgʻor yondashuvlar asosida tashkil etish bilan birga, ichki ishlar organlarining faoliyat samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati






