Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhining Fargʻona viloyatidagi oʻrganishlari: mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, kriminogen vaziyat, energetika va ijtimoiy obyektlar eʼtibor markazida
2026-01-08 09:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Fargʻona viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash, kriminogen vaziyatni barqaror saqlash hamda aholi osoyishtaligini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar tizimli ravishda oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida, avvalo, mahallalarda Yangi yil bayram tadbirlarining tinch va osoyishta oʻtishi, mavsumiy energiya resurslari bilan bog'liq muammolarning oldini olish, ijtimoiy obyektlarda, xususan taʼlim va tibbiyot muassasalarida isitish tizimlarining barqaror ishlashini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, taʼlim mavsumi oldidan umumtaʼlim maktablarining oʻquvchilarni qabul qilishga tayyorgarligi manzilli tahlil qilindi.
Ishchi guruh aʼzolari Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, mutasaddi rahbarlar hamda soha faxriylari ishtirokida oʻtkazilgan uchrashuvda 2025-yil yakuni boʻyicha huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar batafsil sarhisob qilindi.
Shuningdek, viloyatda yangi tashkil etilgan Tezkor boshqaruv markazi faoliyati taqdim etildi. Markaz mutaxassislari tomonidan sunʼiy intellekt asosida ishlovchi zamonaviy platforma imkoniyatlari, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldindan aniqlashda uning ahamiyati, shuningdek, hududda raqamlashtirish jarayonlarining hozirgi holati yuzasidan keng qamrovli maʼlumot berildi.
Ishchi guruh tomonidan Rishton tumanida kriminogen vaziyati ogʻir hisoblangan “Markaz” mahalla fuqarolari yigʻinida ham oʻrganishlar olib borildi. Mahalladagi “yettilik” aʼzolarining oʻzaro hamkorlikdagi faoliyati, profilaktika inspektori bilan hamkorlik mexanizmi tahlil qilinib, mahalla faollari bilan muloqot davomida hududda jinoyatchilikning oldini olish va aholi osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, Qoʻqon shahridagi “murakkab” toifaga kiruvchi “2-Shaldiramoq” mahallasida amalga oshirilayotgan profilaktik ishlar bilan ham tanishildi. Mahallada kriminogen vaziyat barqarorligini saqlash, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, ijtimoiy profilaktika masalalari, nazoratdagi shaxslar bilan manzilli ish olib borish hamda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar atroflicha oʻrganildi.
Oʻrganishlar yakunida shahar va tuman masʼullari bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda energiya resurslari bilan bog'liq muammolarning oldini olish, ijtimoiy obyektlarda isitish tizimlarining barqaror ishlashini taʼminlash, taʼlim muassasalarining yangi oʻquv mavsumiga tayyorgarligi masalalari muhokama qilinib, 2026-yilda mahallalarda xavfsiz, tinch va osoyishta muhitni yaratishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.






