Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi huzurida yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan tanqidiy yigʻilish oʻtkazildi
2026-01-07 16:40:00 / Yangiliklar

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi IIV JXD YHXX rahbari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri hamda tegishli vazirlik va idoralarning masʼul rahbar va xodimlari ishtirokida 2022-yil 4-apreldagi “Avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi PQ-190-son qarori ijrosi yuzasidan kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilishda 2025-yil davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari atroflicha koʻrib chiqilib, jumladan ogʻir oqibatli YTHlar, yoʻl qoplamasi va yoʻl infratuzilmasidagi kamchiliklar sabab yuzaga kelgan hodisalar, haydovchilar va piyodalar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar har bir yoʻnalish kesimida aniq misollar asosida tahlil qilindi. Shuningdek, bolalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalari, ularning asosiy sabablari hamda profilaktika ishlarining samaradorligi masalalari ham tanqidiy ruhda muhokama etildi.
Yigʻilishda IIV JXD Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati rahbari maʼruza qilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi avtomobil yoʻllarida harakat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar, jumladan yoʻl belgilarini oʻrnatish, piyodalar oʻtish joylarini tashkil etish, xavfli uchastkalarda sunʼiy notekisliklar barpo etish, svetoforlarni oʻrnatish hamda aholi oʻrtasida profilaktik tushuntirish ishlarini olib borish holatiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Shu bilan birga, piyodalar ishtirokida sodir etilayotgan yoʻl-transport hodisalarining oldini olish yoʻnalishida belgilangan vazifalar ayrim mutasaddi tashkilot rahbarlari tomonidan toʻliq bajarilmayotgani tanqidiy tarzda taʼkidlab oʻtildi.
Muhokamalar yakunida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, oʻz vaqtida bajarilmagan vazifalar hamda samarasiz tashkil etilgan ishlar yuzasidan masʼul vazirlik, idora va tashkilot rahbarlariga tegishli eʼtirozlar bildirilib, ularga nisbatan intizomiy choralar qoʻllanildi. Mavjud muammolarni bartaraf etish hamda PQ-190-son qaror ijrosini taʼminlash boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati









