“Prezident archasi” va Yangi yil bayram tadbirlarida jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi
2026-01-01 11:55:00 / Yangiliklar

“Prezident archasi” hamda Yangi yil bayram tadbirlarini respublika hududlarida xavfsiz, tartibli va yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli tashkiliy va texnik chora-tadbirlar amalga oshirildi. Aholi koʻp toʻplanadigan bayram obyektlarida jinoyatchilik va favqulodda holatlarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash uchun intellektual videokuzatuv tizimlari joriy etildi.
Jami 253 ta bayram obyektida, jumladan, 238 ta Yangi yil tadbirlari va 15 ta “Prezident archasi” oʻtkaziladigan hududlarda 1 561 ta intellektual videokuzatuv kamerasi oʻrnatildi. Ushbu kameralar kirish-chiqish nuqtalari, asosiy yigʻin maydonlari hamda fuqarolar harakati faol boʻlgan hududlarni toʻliq qamrab olgan holda, viloyatlar va Toshkent shahridagi “Xavfsiz shahar” tizimining yagona apparat-dasturiy platformasiga integratsiya qilindi. Bu esa bayram tadbirlarini real vaqt rejimida kuzatish, vaziyatni doimiy tahlil qilish va ehtimoliy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash imkonini bermoqda.
Shuningdek, IIV “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi rahbariyati tomonidan Yangi yil bayramini yuqori darajada oʻtkazish masalalari muhokama qilinib, videokuzatuv tizimlarining uzluksiz va samarali ishlashini taʼminlash, mutasaddi tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi. Yigʻilish yakunida markaz xodimlari Yangi yil bayrami munosabati bilan tabriklanib, kelgusi yilda ham belgilangan vazifalarni yuqori saviyada bajarishga ishonch bildirildi.
IIV “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi





