IIV Akademiyasi magistraturasi tinglovchilari va professor-oʻqituvchilari Turkiyaning Istanbul shahrida boʻldi
2025-12-30 16:10:00 / Yangiliklar

Xorij safari politsiya tuzilmalarining ilgʻor tajribalarini oʻrganish va samarali tizimlarni amaliyotga tatbiq qilish maqsadida tashkil etildi.
Qisqa muddatli safar davomida Istanbul politsiya boshqarmasining jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, kiberxavfsizlikni taʼminlash va boshqa yoʻnalishdagi faoliyati yaqindan oʻrganildi. Mahalliy mutaxassislar tomonidan amaliyotda qoʻllanilayotgan yondashuvlar, zamonaviy texnologiyalar, ularning imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.
Hududlarning kriminogen vaziyatini nazorat qilish, kibermakondagi tahdid va xatarlarni monitoring qilish, raqamli dalillar bilan ishlash, politsiya kuch va vositalarini boshqarish, xodimlarning kundalik xizmat faoliyatini nazorat qilish borasida yoʻlga qoʻyilgan tizimlar vakillarimizda katta qiziqish uygʻotdi.
Ikki tomonlama hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida tashkil qilingan xizmat safari oʻzaro tajriba almashinuvini mustahkamlash va kelgusida izchil davom ettirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati


