Toshkent shahar IIBB rahbariyatining navbatdagi sayyor qabuli o'tkazildi
2025-12-30 10:40:00 / Yangiliklar

Yurtboshimizning tashabbuslari bilan aholining murojaatlarining joyida oʻrganish va ijobiy hal etish maqsadida muntazam ravishda sayyor qabullar oʻtkazib kelinmoqda. Bu jarayon nafaqat fuqarolarning davlat organlariga ishonchini kuchaytiradi balki, tizim rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bugungi kunda davlat organlari faoliyatida aholi murojaatlariga huquqiy, insonparvarlik munosabatlarining namoyon etilishi adolatli jamiyat qurishda asosiy mezon sifatida qaralayotgani ham shundan.
Shu munosabat bilan joriy yilning 28-dekabr kuni Respublika IIV qoshidagi «Jar» sport-sogʻlomlashtirish majmuasida Oʻzbekiston respublikasi Ichki ishlar vazirligi masʼul rahbarlari ishtirokida fuqarolar bilan shaxsiy qabullari tashkillashtirildi. Qabullar jarayonida poytaxt IIBB boshligʻining ham sayyor qabuli boʻlib oʻtdi. Unda IIBB faoliyatiga doir yoʻnalishlar boʻyicha fuqarolardan ellikdan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Ularning aksariyati tergovga qadar tekshiruv, tergov harakatlari, maʼmuriy hujjatlar, xizmatga qabul qilish va qayta tiklash bilan bogʻliq, mol-mulk va pul mablagʻlarini undirish, pasport tizimiga oid, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash – svetofor va yoʻl belgilarini oʻrnatish, belgilangan maʼmuriy jarima boʻyicha norozilik, ichki ishlar xodimi xatti-harakatiga eʼtiroz kabilarni tashkil etdi.
Murojaatlarning 28 tasi ijobiy hal etildi. Oʻndan ortigʻiga huquqiy tavsiya, maslahatlar hamda ularni hal etish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatildi. Murojaatlarning 19 tasida keltirilgan vajlarni qonun doirasida oʻrganish qoʻshimcha muddat talab qilganligi bois ijro muddatlari oʻrnatilib, nazoratga olindi hamda masʼullarga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Har bir murojaatchi tomonidan keltirilgan maʼlumotlarni oʻrganish chogʻida ularning kelib chiqish tub sabablarini aniqlashga eʼtibor qaratilib, takroriy murojaatlar tushishining oldini olish choralari koʻrildi. Shuningdek, qabulga tashrif buyurgan uch nafar fuqaro muqaddam murojaatlari ijobiy hal etilganligi boʻyicha oʻz minnatdorligini bildirish qatorida poytaxt ijtimoiy hayotini yaxshilashga bogʻliq takliflarini berdi.
Yakunlanib borayotgan 2025-yilda poytaxt aholisining yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, qonuniy manfaatlarini himoyalash, konstitutsiyaviy haq-huquqlarini taʼminlashga qaratilgan fuqarolar murojaatlarini tinglash, oʻrganish, yechimini topishga qaratilgan bu kabi ezgu, insonparvarlik, adolatparvarlik tamoyillarini izchil amalga oshirish ishlari kelgusi yilda ham tizimli ravishda davom ettiriladi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati






