Surxondaryoda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda barcha shahar-tuman ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi murojaatlarini oʻrganish maqsadida “Shaxsiy qabul”lari boʻlib oʻtdi
2025-12-29 10:20:00 / Yangiliklar

Respublikamizda masʼul tashkilot va idoralar rahbarlari tomonidan aholining muammolarini oʻrganish va bartaraf etish bugunning eng dolzarb masalalaridan biriga aylandi. Shu boisdan yurtdoshlarimizning oʻz turmushidan va bugungi kunidan rozi boʻlib yashashini taʼminlash har bir rahbarga alohida masʼuliyat yuklamoqda.
Fuqarolar tomonidan sud-huquq masalalari boʻyicha kelib tushayotgan ariza va shikoyatlarni aholi bilan bevosita muloqot qilish orqali har tomonlama chuqur oʻrganish va qonuniy hal etish, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, hafta davomida kundalik mehnat faoliyati bilan band boʻlgan aholiga qulaylik yaratish hamda murojaat qiluvchilarning Ichki ishlar organlari rahbarlari bilan ochiq muloqot qilishlarini osonlashtirish maqsadida, bugun Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Timur Ismailov, Oʻzbekiston Respublikasi IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi boshligʻi hamda boshqarma boshligʻining barcha oʻrinbosarlari tomonidan viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi binosida hamda shahar-tuman IIBlari binolarida hududiy ichki ishlar organi boshliqlarining navbatdagi jismoniy va yuridik shaxslar bilan “shaxsiy qabul”lari oʻtkazildi.
Hududlarda tashkil etilgan qabullarda, tuman IIB boshligʻi oʻrinbosarlari, tegishli sohaviy xizmat rahbarlari ishtirok etishdi.
Masʼullarning “shaxsiy qabul”lari davomida fuqarolar oʻzlarining tergov — surishtiruv, ishga qabul qilish, ishga qayta tiklash, ish joyini oʻzgartirish, yoʻl harakati xavfsizligi, fuqarolikni rasmiylashtirish, moddiy yordam, oila turmush doirasidagi nizolarga barham berish, mol-mulk mojarosi, pul oldi berdi masalasi va boshqa bir qator ichki ishlar sohasiga oid masalalar yuzasidan murojaatlar qilishdi.
Viloyat hamda shahar-tuman ichki ishlar organlariga qilingan murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilgan boʻlsa, qolgan murojaatlar sohaviy xizmatlar tomonidan koʻrib chiqish uchun muddat talab etganligi sababli, ushbu murojaatlarning ijrosi boshqarma boshligʻi tomonidan alohida nazoratga olindi.
Surxondaryoda viloyat IIB Axborot xizmati









