Davlatimiz rahbarining tashabbuslari va topshiriqlari ijrosi doirasida aholi muammolariga eʼtiborni kuchaytirish, fuqarolar murojaatlarini har tomonlama oʻrganish hamda ularni tizimli hal etish amaliyoti haqida
2025-12-29 08:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda aholi muammolariga eʼtibor barcha davlat organlari faoliyatida asosiy mezon sifatida mustahkamlanib bormoqda. Shu munosabat bilan joriy yilning 28-dekabr kuni Ichki ishlar vazirligi masʼul rahbarlari ishtirokida fuqarolar bilan shaxsiy qabul tashkil etildi.
Qabul davomida vazirlik tizimi faoliyatiga oid turli yoʻnalishlar boʻyicha jami 461 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning aksariyati mol-mulk va pul mablagʻlarini undirish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov harakatlarini amalga oshirish, kadrlar bilan bogʻliq masalalar bilan bogʻliq.
Mazkur murojaatlarning 249 tasi (54%) tezkor tarzda, huquqiy asoslar bilan ijobiy hal etildi. Qolgan 212 ta murojaat (46%) boʻyicha esa qoʻshimcha oʻrganish va sohaviy organlar bilan hamkorlikda choralar koʻrish talab etilgani bois, ular nazoratga olinib, ijrosi boʻyicha masʼullarga aniq topshiriqlar yuklatildi.
Shu bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri, Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari rahbarlari tomonidan joylarda oʻtkazilgan shaxsiy qabullar davomida 248 ta murojaat qabul qilindi. Ularning 102 tasi (41%) qabul jarayonidayoq ijobiy hal etildi, 146 ta murojaat (59%) esa qoʻshimcha oʻrganish hamda nazorat asosida hal etilishi uchun yuborildi.
Murojaatlar bilan ishlash jarayonida nafaqat mavjud muammolarni oʻrganish, balki aholi real ehtiyojlarini aniqlash, muammolarning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish va ularni tizimli hal etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Yakuniga yetayotgan yil Ichki ishlar vazirligining sohaviy va hududiy boʻlinmalari uchun har tomonlama samarali va ochiq muloqotlarga boy yil sifatida esda qoldi. Yoʻlga qoʻyilgan tizim kelgusi yilda ham qatʼiy davom ettirilib, har bir murojaat ortida turgan ulkan masʼuliyatni his etgan holda xizmat faoliyati tashkil etiladi.









