Xalq bilan muloqot: Jazoni ijro etish departamentida navbatdagi sayyor qabul oʻtkazildi
2025-12-27 17:40:00 / Yangiliklar

Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish, aholi roziligiga erishish va jamiyatda ochiqlikni taʼminlash maqsadida joriy yilning 25-dekabr kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Sadoqat” bogʻi maʼnaviyat markazida jazoni ijro etish tizimiga oid masalalar boʻyicha navbatdagi keng qamrovli sayyor qabul tashkil etildi. Tadbirda Jazoni ijro etish departamenti rahbariyati ishtirok etib, fuqarolarning murojaatlarini shaxsan tingladi.
Sayyor qabulga jami 123 nafar fuqaro tashrif buyurdi, ulardan 106 nafari Jazoni ijro etish departamenti rahbariyatiga oʻz murojaatlarini taqdim etdi. Murojaatlar mazmun jihatdan turlicha boʻlib, asosan mahkumlarni yashash manziliga yaqin muassasalarga oʻtkazish, jazoni yengilrogʻiga almashtirish, ularning sogʻligʻiga doir muammolar va afv etish kabi masalalarni qamrab oldi.
Eng muhimi, murojaatlarning 35 foizi tezkor tarzda joyida hal etildi. Fuqarolar oʻzlarini qiynayotgan masalalar boʻyicha aniq, huquqiy asoslangan javob oldilar. Qolgan 65 foiz murojaat esa kompleks oʻrganish va sohaviy idoralar bilan hamkorlikda choralar koʻrilishini talab etishi tufayli nazoratga olindi. Ularni hal etish boʻyicha masʼul rahbarlarga aniq vazifalar yuklatildi.
Bunday sayyor qabullar xalq bilan muloqotni yanada mustahkamlash, fuqarolar ishonchini oshirish va muammolarni joyida hal etish orqali amaliy natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti








