Tungi xizmat. Masʼuliyat, hushyorlik va fidoyilik
2025-12-26 16:05:00 / Yangiliklar

Tungi xizmatga jalb etilgan Jizzax viloyati IIB JXX JTSB PPX batalyoni xodimlari sahargacha jamoat tartibini taʼminlash, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish hamda fuqarolar osoyishtaligini saqlash uchun xizmatga kirishishgan.
Jumladan, 2-otryad boʻlinma komandiri, kichik serjant Siroj Bahromov hamda inspektor, serjant Furqat Qodirov tomonidan tungi xizmat davomida koʻcha va jamoat joylarida huquqbuzarlik sodir etgan hamda shubha uygʻotgan fuqarolar aniqlanib, Jizzax shahar IIB 2-sonli IIBga olib kelindi. Huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Xususan, xizmat hududida shubhali koʻringan shaxsning gʻilofsiz holda tigʻli jism — oshxona pichogʻini olib yurgani aniqlandi. Tekshiruv davomida uning «Yoshlik» MFYda yashovchi, 1977-yilda tugʻilgan Sh.J. ekanligi maʼlum boʻlib, unga nisbatan qonuniy tartibda maʼmuriy chora koʻrildi.
Shuningdek, jinoyatchilikning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni «issiq izida» fosh etish maqsadida viloyat hamda shahar IIB JQB tezkor xodimlari bilan hamkorlikda samarali ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Baxmal tumanida yashovchi, shaharga mavsumiy ish izlab kelgan, 2000-yilda tugʻilgan N.Y. «Yoshlik» MFY hududida toʻxtatib tekshirilganda, uning kurtkasi choʻntagidan polietilen paketga oʻralgan yelim idishdagi nomaʼlum narsa topildi. Ushbu modda xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olindi. Viloyat IIB EKM ekspertizasi xulosasiga koʻra, ushbu modda ogʻirligi 1,46 gramm boʻlgan opiy giyohvandlik vositasi ekanligi maʼlum boʻldi.
Tungi xizmatda viloyat IIB JXX JTSB PPX batalyoni tumanlararo otryadi inspektorlari, safdorlar Mansur Sarimsoqov va Alisher Gʻapparov ham faol ishtirok etdi. Ular Jizzax shahri «Zargarlik» mahallasi hududida xizmat olib borayotgan vaqtda shubhali koʻringan shaxsning gʻilofsiz holda oʻtkir tigʻli pichoqni olib yurganini aniqlashdi. Profilaktik suhbat davomida ushbu fuqaro Sharof Rashidov tumani «Ravot» MFYda yashovchi, 1984-yilda tugʻilgan X.P. ekani maʼlum boʻldi. U hudud profilaktika inspektoriga topshirildi.
Hushyor xodimlar xizmatni davom ettirarkan, bedarak yoʻqolgan shaxsni topishga ham oʻz hissasini qoʻshishdi. Zomin tumanida yashovchi, 1993-yilda tugʻilgan uy bekasi R.D. turmush oʻrtogʻi oktyabr oyida uydan chiqib ketib, qaytib kelmagani haqida murojaat qilgan. Jinoyat qidiruv xodimlari bilan olib borilgan hamkorlikdagi tezkor qidiruv ishlari natijasida R.D.ning turmush oʻrtogʻi F.B. sogʻ-salomat holda topildi.
Tun — hamma uchun orom olish vaqti. Ammo ichki ishlar organlari xodimlari uchun u masʼuliyat, hushyorlik va fidoyilik sinovidir. Ana shunday tungi bedorliklar, zahmatli xizmat orqali viloyat, xususan, Jizzax shahri hududida tun-u kun osoyishtalik taʼminlanmoqda.
Sarvar Sobirov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Jizzax viloyati
