Toshkent shahar Olmazor tumanida «Xavfsiz va sogʻlom yurt» oyligi yakuniga bagʻishlangan tungi yoʻriqnoma oʻtkazildi
2025-12-26 12:05:00 / Yangiliklar

Toshkent shahar IIBB, shahar prokuraturasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi, Milliy gvardiyaning Toshkent shahri boʻyicha boshqarmasi rahbariyati va shaxsiy tarkibi, shuningdek xodimlarning ota-onalari hamda oila aʼzolari ishtirokida Olmazor tumanida joylashgan Islom sivilizatsiyasi markazida “Xavfsiz va sogʻlom yurt” oyligi yakuniga bagʻishlangan tungi yoʻriqnoma tadbiri oʻtkazildi.
Mazkur tadbir huquq-tartibot idoralari oʻrtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash, fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini asrash, shuningdek xizmat intizomi va masʼuliyatni oshirish maqsadida tashkil etildi.
Yoʻriqnomada soʻzga chiqqan poytaxt IIBB boshligʻi polkovnik Ravshan Sultanxodjayev oʻz nutqida oylik doirasida amalga oshirilgan ishlar, oʻtkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar, aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik vositalari hamda narkotik moddalar bilan bogʻliq jinoyatlardan samarali himoya qilish borasida koʻrilgan chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning ildiz sabablarini bartaraf etishga qaratilgan profilaktik ishlar natijalari alohida taʼkidlandi.
Tadbirda, shuningdek, kirib kelayotgan Yangi yil bayrami munosabati bilan poytaxtimizda oʻtkazilayotgan ommaviy madaniy tadbirlar davomida fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, xizmat olib borayotgan shaxsiy tarkibning hushyorligi va masʼuliyatini yanada oshirish zarurligi qayd etildi. Bu borada barcha tegishli tuzilmalar oʻzaro hamjihatlikda, yuqori uyushqoqlik bilan faoliyat olib borishi lozimligi taʼkidlandi.
Tadbir yakunida jinoyatlarni “issiq izidan” fosh etishda faol ishtirok etgan, xizmat faoliyatida namuna koʻrsatayotgan, oʻzining sadoqati va fidoyiligi bilan boshqalarga oʻrnak boʻlib kelayotgan bir qator xodimlar hamda ularning ota-onalariga minnatdorlik bildirilib, tashakkurnomalar va qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati









