Buxoroda yil yakunlariga bagʻishlangan keng qamrovli matbuot anjumani boʻlib oʻtdi
2025-12-26 10:10:00 / Yangiliklar

Buxoro shahridagi Kasbiy koʻnikmalar markazida viloyatimizda faoliyat koʻrsatayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, respublika davriy va internet nashrlari, telekanallarning viloyatimizdagi muxbirlari, jurnalist va blogerlar, jamoatchilik vakillari hamda deputatlar ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Matbuot anjumani Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligida, viloyat prokurori, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi hamda mutasaddi tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirokida tashkil etildi.
Tadbirda soʻzga chiqqan viloyat hokimi Botir Zaripov anjuman qatnashchilarini, ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlarni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Shundan soʻng, masʼullar tomonidan 2025-yil davomida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar, shuningdek, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar xususida batafsil maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida, matbuot anjumanida ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar tomonidan ichki ishlar rahbariyatiga berilgan savollarga batafsil va aniq javoblar berilib, oʻrganish talab qilinadigan ayrim murojaatlar alohida nazoratga olindi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









