RASMIY AXBOROT
2025-12-24 17:15:00 / Yangiliklar

Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasi hududiga oʻrnatilgan foto-video qayd etish tizimi orqali aniqlangan transport vositalari va ularning davlat raqam belgilari, hodisa joyi koordinatsiyalari, uning qoidabuzarligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni internet tarmogʻi orqali olish imkoniyati borligi, bu esa oʻz navbatida respublika boʻylab harakat qilayotgan transport vositalarini kuzatish imkonini berishi qayd etilgan.
Mazkur axborot haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.
Hududlarda oʻrnatilgan foto va video qayd etish texnik vositalari tadbirkorlik va boshqa subyektlar tomonidan qayd etiladi va aniqlangan hodisalar Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi “Maʼmuriy amaliyot” moduliga yuboriladi.
Mazkur axborot tizimlari 3 bosqichli kiberxavfsizlik ekspertizalaridan oʻtkazilib, xavfsizlik tartibi taʼminlanishi kafolatlangan.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21-aprel kunidagi 232-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlari tomonidan avtomobil yoʻllarida yoʻl harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi dasturiy-texnik vositalariga doir texnik talablar”iga koʻra:
- qayd etilgan transport vositasining uch holatdagi fotosurati (transport vositasi, uning davlat raqami belgisi, qoidabuzarlik sodir etilgan holatning umumiy koʻrinishi);
- qoidabuzarlik qayd etilgan vaqt (kun, soat, daqiqa);
- transport vositasining tezligi (km/h);
- qoidabuzarlik aniqlangan manzil (tuman (shahar), koʻcha, avtomobil yoʻlining kilometri yoki moʻljal);
- qoidabuzarlik aniqlangan manzilning GPS koordinatasi;
- holat aks etgan 6 — 10 soniyadan iborat videolavha va uning havolasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Maʼmuriy amaliyot” moduliga taqdim etilishi shartligi koʻrsatib oʻtilgan.
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimi orqali aniqlangan qoidabuzarliklarni huquqbuzar “Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror”dagi QR-kod orqali qoidabuzarlikning video lavhalari va foto suratlarini “cloud.yhxx.uz” web-sahifasi orqali koʻrish imkoniyati yaratilgan.
Maʼlumot uchun, cloud.yhxx.uz veb-sahifasi fuqarolarga oʻz jarimalarini elektron koʻrinishda koʻrish imkonini berish uchun ishlab chiqilgan. Ushbu sahifaga kirish maxsus, unikal tarzda generatsiya qilingan havola orqali amalga oshiriladi.
Fuqaro ushbu havolaga QR-kodni skanerlash orqali yoki maxsus mobil ilovalar (road24, saferoad) orqali kirib, faqat oʻziga tegishli boʻlgan jarima haqidagi maʼlumotlarni koʻrishi mumkin. Bunda, huquqbuzar tizimga internet tarmogʻi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri, login va parolsiz, faqat berilgan havola orqali kiradi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, qoidabuzarliklarning video lavhasida hech qanday shaxsga doir maʼlumotlar mavjud emas.
Shuningdek, maqolada foto video qayd etish tizimidagi zaiflik toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jamoat xavfsizligi departamentiga xat bilan murojaat qilinganligi, biroq javob berilmaganligi maʼlum qilingan.
Ichki ishlar vazirligi xamda Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga yuqoridagi mazmundagi murojaat kelib tushganligi aniqlanmadi.
Shu bilan birga, 2025-yil 17-dekabr kuni “Kiberxavfsizlik markazi” DUKga “cloud.yhxx.uz” veb-resursida zaifliklar borligi hamda shaxsga doir maʼlumotlar ochiq holda qoldirilganligi toʻgʻrisida Zack Whittaker zack.whittaker@techcrunch.comdan murojaat kelib tushgan.
Mazkur murojaat oʻrganilib, unda keltirilgan zaifliklar va shaxsga doir maʼlumotlar aniqlanmaganligi haqida murojaat muallifiga javob xati berilgan.
Maqoladagi holatlarga aniqlik kiritish maqsadida, mutaxassislar tomonidan platformaning xavfsizlik mexanizmlari oʻrganildi va belgilangan xavfsizlik normalariga toʻliq javob berishi aniqlandi.
Maʼlumot uchun: Qoidabuzarliklarni aniqlovchi foto video qayd etuvchi qurilmalar oʻrnatilgan lokatsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumot ochiq hisoblanib, ushbu maʼlumotlar ochiq manbalarda, online-xaritalarda va antiradar qurilmalarida yangilanib boriladi.
Mazkur axborot yuzasidan mamlakatimiz OAVlariga IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati Markaziy kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimi va xavfsizlik choralari tanishtirildi.
