IIV Akademiyasida yetakchi xorijiy davlatlarning tajribali mutaxassislarini taʼlim jarayoniga jalb qilish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda
2025-12-24 16:35:00 / Yangiliklar

Shu kunlarda Xitoy Jamoat xavfsizligi universiteti vakillari tomonidan “raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” ixtisoslik yoʻnalishida taʼlim olayotgan kursantlar uchun navbatdagi mashgʻulotlar tashkil etilmoqda.
Bir haftalik mashgʻulotlar davomida kursantlar elektron dalillar bilan ishlash, maʼlumotlarni toʻplash, saqlash va qayta ishlash, tarmoq axborotini monitoring qilish, shuningdek kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda qoʻllanilayotgan ilgʻor yondashuvlar boʻyicha bilim hamda koʻnikmalarini oshiradilar.
Mashgʻulotlar oldidan universitet mutaxassislari akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga taʼlim jarayonlari, mutaxassislik yoʻnalishlari, oʻqitishning zamonaviy metodlari, kursant va tinglovchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqida maʼlumot berildi. Taʼlim muassasalari vakillari oʻzaro muloqot qilib, xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirish, dolzarb yoʻnalishlarda tajriba almashish, hamkorlikni izchil davom ettirish borasida fikr almashdilar.
Aytish joizki, mashgʻulotlarga Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya va boshqa davlatlardan tajribali professor-oʻqituvchilarning jalb qilinayotgani taʼlim sifatini oshirish bilan bir qatorda, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishi, shubhasiz.
IIV akademiyasi Axborot xizmati






