Yangi yil bayrami arafasida Toshkent–Janubiy vokzali hududlarida jamoat xavfsizligini taʼminlash, sayyohlar hamda yoʻlovchilar uchun yaratilgan sharoitlar holati koʻzdan kechirildi
2025-12-24 10:25:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzarahimov Toshkent–Janubiy vokzaliga tashrif buyurib, xizmat olib borayotgan xodimlar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuv davomida xodimlarning xizmat faoliyati bilan yaqindan tanishib, ularga masʼuliyatli va sharafli xizmatlarida ulkan zafarlar tilab kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy qutladi, ularga sogʻliq-salomatlik, tinchlik va xizmat faoliyatida yuksak natijalar tiladi.
Shuningdek vazir oʻrinbosari tomonidan Yangi yil bayrami arafasida Toshkent–Janubiy temir yoʻl vokzali hududida jamoat xavfsizligini taʼminlash, sayyohlar hamda yoʻlovchilar uchun yaratilgan sharoitlar holati koʻzdan kechirildi.
Koʻzdan kechirish jarayonida vokzal hududida xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyati, navbatchilik xizmati, zamonaviy texnik vositalardan foydalanish, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarning samaradorligi oʻrganildi. Ayniqsa, Yangi yil bayrami kunlari yoʻlovchilar va sayyohlar oqimining ortishi inobatga olinib, ularning xavfsizligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir davomida, sayyohlarga hamda fuqarolarimizga qulay sharoit yaratish, xizmat koʻrsatish madaniyatini oshirish, jamoat tartibini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻzdan kechirildi. Tekshiruv yakunida masʼullarga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, xizmat intizomini yanada mustahkamlash va fuqarolar hamda sayyohlarga sifatli xizmat koʻrsatish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Axborot guruhi





